
Aviatsiya • 6 May, 2026
Birinchilar osmonda
Havo – bu faqat biz nafas oladigan unsur yoki muhit emas, balki qahramonliklar tug‘ilib, orzular ro‘yobga chiqadigan makon. O‘zbekiston uchun havo birinchilikka erishish maydoniga aylandi: bu yerda mintaqadagi ilk samolyot parvoz qildi, birinchi aeroportning darvozalari ochildi va birinchi milliy uchuvchi osmonga ko‘tarildi. Mualliflik ustunida kino bo‘yicha PhD darajasi sohibi, Istanbul kino akademiyasi akademigi, butun Rossiya davlat kinematografiya instituti Toshkent filialining asoschisi Eldar Yuldashev – o‘zbek osmonining tarixi haqida so‘z yuritadi. U bu tarix oddiy voqealarning bayoni emasligini, balki jasorat, ilg‘orlik va xotira haqidagi ilhomlantiruvchi hikoya ekanligini ta’kidlaydi.
Taqdir taqozosiga ko’ra, Markaziy Osiyodagi ilk havo kemasining va birinchi havo bandargohining vatani aynan Toshkent bo’ldi. O‘zbek aviatsiyasining ramziga aylangan shaxs – birinchi milliy uchuvchi Abdusamat Taymetov ularni birlashtiradi. Aynan u keyinchalik afsonaviy samolyot shturvaliga o‘tiradi va Toshkent aeroportiga rahbarlik qiladi.

Bu voqea mintaqaviy birinchilikning «oltin uchburchagi»ga o‘xshaydi: uchuvchi, samolyot va aeroport. U «Taymetov. G‘alaba darakchisi» nomli hujjatli filmda o‘z aksini topgan. Mazkur film Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekistondagi yagona keng qamrovli loyiha hisoblanadi.

Uzbekistan Airports ko‘magida yaratilgan film qisqa fursatda mamlakatdan tashqarida ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning premyerasi dunyoning eng qadimiy kinoteatrlaridan biri – Moskvaning Arbat maydonidagi «Xudojestvennıy»da bo‘lib o‘tdi. Aynan shu yerda 1926-yilda barcha davrlarning va xalqlarning eng sara filmi hisoblangan «Bronenosets Potyomkin» ilk bor namoyish etilgan, 1931-yilda birinchi ovozli film «Putyovka v jizn», 1936-yilda esa birinchi rangli film «Grunya Kornakova» tomoshabinlarga taqdim etilgan edi. Endi esa, 2025-yilda – Taymetov haqidagi o‘zbek filmi shu sahnada namoyish qilindi.
Birinchi oyning o‘zidayoq film uchta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. U XIX Xalqaro «Madaniyatlar muloqoti» media forumida «Eng yaxshi film» diplomini qo‘lga kiritdi, XXXIV «Oltin Vitjaz» kinoforumida «Eng yaxshi debyut» sifatida e’tirof etildi va «Yevrosiyo-Kinofest»da matbuot mukofotiga sazovor bo‘ldi. Film tanlovga taqdim qilingan to‘qsonta filmlarni, shu jumladan, o‘zbek kinosi ustalarining asarlarini – Zulfiqor Musoqovning «Umida. Fudziyama haqidagi tush» va Muzaffar Erkinovning «Maxtumquli Firog‘iy» filmlarini ortda qoldirdi.
Film namoyishi O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga ham to‘g‘ri keldi: bu munosabat bilan kartina MDH mamlakatlari va Xitoyda – Olmaotadan to Xarbingacha bo‘lgan hududlarda taqdim etildi. Taymetov va o‘zbek osmoni tarixi – butun bir xalqning peshqadamligi, jasorati va qahramonligi haqidagi haqiqiy dostondir. Keling, uni batafsil ko‘rib chiqaylik. Markaziy Osiyoning birinchi havo kemasi 1941-yil dekabrida Toshkentga Moskva yaqinidagi Ximkidan 17 ta eshelon orqali aviatsiya zavodining xodimlari va uskunalari evakuatsiya qilindi. Atigi to‘qqiz oy o‘tgach, respublika rahbariyati va butun xalqning qo‘llab-quvvatlashi natijasida bu yerda mutlaqo yangi qanotli mashina – muhandis Boris Lisunov tomonidan PS-84 asosida yaratilgan birinchi Li-2 samolyoti havoga ko‘tarildi. Biroq, 1942-yilda uzoq masofali aviatsiya tashkil etila boshlangach, mamlakatda og‘ir bombardimonchi samolyotlar nihoyatda yetishmasligi ma’lum bo‘ldi. Yechim tez topildi: Li-2’ni tungi bombardimonchiga aylantirishdi. Ushbu havo kemalari urushning eng muhim operatsiyalarida: bombardimonlar va razvedkadan tortib, yaradorlarni evakuatsiya qilish hamda o‘q-dorilarni yetkazib berishda faol qatnashdi. Yerda T-34 tanki va «Katyusha» g‘alaba ramzlariga aylangan bo‘lsa, osmonda bu – Toshkentning Li-2 samolyoti edi. Bizning samolyotlarimiz qamal ostida qolgan Leningrad uchun asosiy «havo ko‘prigi»ga aylandi: ular oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi, orqaga qaytishda esa fuqarolarni – malakali ishchilar, mutaxassislar, olimlar va bolalarni tashidi. Ana shu yo‘l bilan Leningrad konservatoriyasi ham Toshkentga evakuatsiya qilindi. Kuniga ikki marta reys bajarib, ular shaharga 150 tonnagacha oziq-ovqat yetkazib berardilar. Bir necha oy ichida ular 5 ming tonna mahsulot olib kelib, 50 ming kishini evakuatsiya qilgan. O’sha kunlardan xotira sifatida, bugun Sankt-Peterburgdagi «Hayot yo‘li» muzeyi ekspozitsiyasining markaziga aynan Li-2 o‘rnatilgan. Toshkent zavodi jami 4276 ta shunday samolyotni ishlab chiqargan bo‘lib, ularning yarmi urushning og‘ir yillarida tayyorlangan. Bugungi kunda bu afsonaviy samolyotga bag‘ishlangan yodgorliklar butun dunyo bo‘ylab – Dikson orolidan to Varshavagacha o‘rnatilgan, hatto Xitoy Xalq banki uning tasviri tushirilgan banknot chiqarishga ulgurgan. E’tiborli jihati shundaki, bunday samolyotlardan biri hanuz parvozda – u Vengriyaning Malev aviakompaniyasi parkida bo‘lib, mashhur aviatsiya muhandisi Teodor fon Karman nomi bilan ataladi. Markaziy Osiyodagi birinchi havo bandargohi Mintaqadagi birinchi aeroport ham Toshkentda barpo etilgan. 1924-yil 12-may kuni bu yerdan ilk yo‘lovchi reysi – Toshkent – Bishkek – Olmaota yo‘nalishi amalga oshirildi. Bir yil davomida yangi aerodrom orqali mingga yaqin yo‘lovchi, besh tonna yuk va 200 kilogramm pochta tashildi, O‘zbekiston esa mintaqaning asosiy aviatsiya markaziga aylandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Toshkent nafaqat Markaziy Osiyo shaharlarini, balki xalqaro yo‘nalishlarni ham o‘zaro bog‘ladi: 1927-yilda Toshkent – Qobul yo‘nalishi ochildi, 1930-yilga kelib esa Moskvadan birinchi parvozlar qabul qilina boshlandi. 1958-yilda aeroport (yana mintaqada birinchi bo‘lib!) xalqaro I toifa maqomini oldi. U aviatsiya premyeralari uchun ham maydon bo‘ldi: 1972-yil 20-sentyabrda aynan shu yerga o‘ta tezkor Tu-144 ilk reysini amalga oshirdi, 1982-yil 26-dekabrda esa Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda yagona va Moskvadan keyin ikkinchi bo‘lib, to‘rt dvigatelli, o‘rta masofaga mo‘ljallangan, keng fyuzelyajli birinchi toifadagi Il-86 yo‘lovchi samolyotini qabul qilish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti keng ko‘lamli yangilanish jarayonini boshidan kechirmoqda va mintaqaning eng muhim aviatsiya markazlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Havoga ko‘tarilgan birinchi o‘zbek





Fashist Germaniyasiga qarshi urushning dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasi bo‘linmalarining deyarli barcha shaxsiy tarkibi harbiy – havo kuchlari tarkibiga kiritildi: frontda 2500 nafar o‘zbek aviatori jang qildi. Ular orasida Abdusamat Taymetov ham bor edi. Aynan u 1945-yil 9-may kuni Berlindan Moskvaga butun insoniyat uchun muhim hujjat – Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi Aktni, Reyxstagdan olingan G‘alaba bayrog‘ini va Qizil maydondagi tantanali parad uchun mo‘ljallangan shtandartlarni olib kelgan edi.

Uning bu tarixiy kunga yetib kelishi oson kechmadi. 1941-yildan 1943-yilgacha Taymetovni frontga yuborishmadi. Faqat 1944-yilda u urushning eng qizg‘in nuqtalariga kirib bordi va bir yil ichida 200 ga yaqin tungi parvozni amalga oshirib, razvedkachilar va diversantlarni dushman ortiga tashladi. 1945-yilga kelib, u maxsus topshiriqli 19-aviapolk kapitani sifatida xizmat qildi.

Shunday qilib, 1945-yil 6-may kuni kapitan Taymetov uzoq Tehrondan Moskva yaqinidagi harbiy bazaga muhim topshiriqni bajarib qaytar ekan, u oradan bir kun o‘tib, Ikkinchi jahon urushiga nuqta qo‘yadigan maxfiy operatsiyani amalga oshirishi kerakligini hatto tasavvur ham qilmagan edi. Bu haqda uzoq o‘n yilliklar davomida gapirilmadi, davlat siri bo‘yicha maxfiylik hujjatlariga imzo chekkani uchun Taymetovning o‘zi ham sukut saqladi. Faqat «maxfiy» grifi olib tashlangach, butun xalq bu voqeadan xabardor bo‘ldi.
Urushdan so‘ng Taymetov O‘zbekistonga qaytdi, biroq endi fuqarolik aviatsiyasi tizimiga qaytdi. Avval o‘zi parvoz qildi, so‘ngra ko‘p yillar davomida Toshkent aeroportiga rahbarlik qildi. Aynan uning davrida aeroport birinchi toifadagi xalqaro aeroport maqomini oldi.

Aytish kerakki, Taymetov har doim va hamma narsada birinchi edi. Aynan u bir paytlar Sirdaryoda joylashgan uchuvchilar tayyorlash bo‘yicha birinchi o‘quv muassasasining rahbari bo‘lgan. Shuningdek, u uchuvchilar uchun birinchi pensiya islohoti tashabbuskori bo‘lib, bu islohot tufayli aviatsiya faxriylariga to’lanadigan pensiya miqdori bir necha baravar oshdi.

Uning turmush o‘rtog‘i – Bibiniso Baltabayeva ham mashhur edi. U o‘zbek tarixida birinchi parashyutchi ayol bo‘lib, Vatan yo‘lida ko‘plab jasoratlarni amalga oshirgan. Lekin bu boshqa bir hikoya…