. UZS

blog

Madaniyat13 May, 2026

Nafas olishni istagan shahar

So‘nggi yillarda toshkentliklar havo yetishmayotganini his qilmoqdalar: son-sanoqsiz qurilishlar va yo‘qolib borayotgan daraxtlar tufayli nafas olish tobora qiyinlashmoqda. Ammo shaharning o‘z himoyachilari bor. Biz muammoni gapirish bilan cheklanib qolmay, balki daraxt ekishdan tortib havoni tozalaydigan san’at obyektlarini yaratish kabi haqiqiy ishlarni amalga oshirayotgan insonlarning hikoyalarini jamladik.



Havo sifati raqamlarda


Material tayyorlangan paytda Toshkentda havo sifati indeksi 64 ni tashkil etdi. Bu PM2.5 zarrachalarining miqdori JSST belgilagan me’yordan uch baravar yuqoriligini anglatadi. O‘xshash ko‘rsatkichlar mamlakatning boshqa shaharlarida ham qayd etilgan – Samarqand, G‘azalkent va Salar hududlarida kunning birinchi yarmida indeks ko‘rsatkichi 150 gacha yetgan. O‘zbekistonda havoni avtomatik nazorat qilish tizimi bilan jihozlangan IQAir ob-havo stansiyalari o‘rnatilgandan so‘ng, bunday ma’lumotlarni olish imkoniyati paydo bo‘ldi.


Vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borish mumkin. Masalan, Toshkentdagi hozirgi ifloslanish darajasida shahar aholisiga derazalarni kamroq ochish, uyda havo tozalagichlardan foydalanish, sezuvchanligi yuqori bo‘lgan odamlarga esa, ko‘chada himoya niqoblarini taqish va ochiq havoda jismoniy faollikni cheklash tavsiya etiladi.


Poytaxt ko‘pincha jahon antireytinglarida o‘rin egallaydi: joriy yilning sentyabr oyida Toshkent havosi eng ifloslangan shaharlar orasida birinchi o‘rinni egalladi.


O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, havo sifati pastligining asosiy sabablari – 2019-yilda joriy etilgan moratoriyga qaramay, daraxtlarning ommaviy kesilishi hamda bosh rejani chetlab o‘tib, tartibsiz qurilishlar olib borilishidir. Bundan tashqari, avtotransport vositalari chiqaradigan gazlar, energetika sohasida ko‘mir va mazutdan foydalanish ham vaziyatga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.



Hududlardagi havo: O‘zbekiston kontrastlari


So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, havo sifatining eng past ko‘rsatkichlari Termiz, Toshkent va Jizzax shaharlarida aniqlangan. Aksincha, eng toza havo Urganchda qayd etilgan. Shahar va uning atrofi sanoat markazlaridan uzoqda joylashgani ko‘rsatkichlarda ham aks etgan: bu yerda PM2.5 konsentratsiyasi atigi 11,6 mkg/m³ ni tashkil etadi. Xuddi shunday vaziyat Nukusda ham kuzatiladi: havo sifati indeksi 37 ga, Urganchda esa 39 ga teng. Bu ko‘rsatkichlar poytaxt ko‘rsatkichlaridan ancha past.


Biroq bunday idilliyani ham tabiiy omillar buzib turadi – changli tuman. Shamol qurigan Orol dengizi tubidan chang va tuz zarrachalarini ko‘tarib, yaqin shaharlar tomon olib ketadi, natijada atmosferadagi mayda zarrachalar miqdori xavfli darajagacha oshadi.


Ushbu holatlarning oldini olish uchun faollar va xalqaro tashkilotlar kurashmoqda. Orol dengizi muammosi muntazam ravishda konferensiyalarda, jumladan, BMT doirasida ham ko‘tariladi. Bu mavzu madaniy maydonda: masalan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish mutaxassislari taklif etiladigan «Stixiya» festivalida ham aks-sado bermoqda.



Umumiy jabha: odamlar, biznes va davlat


Toza havo – bu shaxsiy, jamoaviy va davlat darajasidagi sa’y-harakatlarning natijasi. Ishni oddiy narsadan: shaxsiy avtomobil va taksidan kamroq foydalanib, jamoat transporti yoki piyoda yurishni afzal ko‘rishdan boshlash mumkin.


Mamlakat miqyosida «Yashil makon» dasturi amalga oshirilmoqda. Istalgan fuqaro ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qo‘shilishi mumkin: O‘rmon xo‘jaligi agentligi 9300 dan ortiq mahallaga bepul tarzda 200 tadan ko‘chat yetkazib beradi. Ekish ishlari kuzda – sovuq tushishidan oldin, daraxtlar ildiz otib, yomg‘irlar mavsumiga to‘g‘ri kelishi uchun o‘tkaziladi. Ammo daraxt ekish uchun maxsus aksiyani kutish shart emas – buni har kim o‘z hovlisida yoki mahallasida amalga oshirishi mumkin.


Davlat darajasida ham tobora ko‘proq choralar ko‘rilmoqda. Masalan, Ekopartiya daraxtlarni kesishga moratoriyni joriy etishga erishdi: ularning ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror natijasida qariyb 500 mingta daraxt saqlanib qolgan, shundan 90 mingga yaqini daraxtning qimmatbaho turlari hisoblanadi. Deputat Javlon Abdullayev ta’kidlaganidek, daraxtlar nafaqat havoni changdan tozalaydi, balki shovqinni kamaytiradi, haroratni muvozanatlaydi va tuproq eroziyasining oldini oladi.


Texnologik yechimlar ham muhim o‘rin tutadi. Jahon bankining ekologik muammolar tufayli iqtisodiyot ko‘rayotgan zararlar haqidagi hisobotlari fonida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Eco Expo Central Asia ko‘rgazmasida Stop Dust nomli startap taqdim etildi – bu vosita havodagi chang va tuz zarrachalarini bostiradi. Bundan tashqari, noqonuniy yoqish ishlari endilikda sun’iy yo‘ldoshlar orqali nazorat qilinmoqda, ko‘mir yoqadigan elektr stansiyalar esa bosqichma-bosqich gazga o‘tkazilmoqda.


Shunga qaramay, asosiy choralar o‘zgarmaydi – bu daraxt ekish va ularni saqlab qolish. Ammo, faqat daraxt ekishning o‘zi kifoya qilmaydi. Parvarish qilinmagan  daraxtlar nobud bo‘ladi. Masalan, shahar xizmatlari daraxtlarni kesish jarayonida ba’zan shoxlarning 30 foizigacha bo‘lgan qismini olib tashlaydi, buning oqibatida o‘simliklar kasallik va zararkunandalarga nisbatan himoyasiz bo‘lib qoladi.


Daraxtlar eng muhim ekologik vazifani bajaradi: barglari va po‘stlog‘ida changni ushlab qoladi, shuningdek, azot oksidi va oltingugurt dioksidi kabi kimyoviy birikmalarni yutadi.


Ammo ekologiya uchun bir-ikkita choraning o’zi etarli emas. O‘zbekistonda sof havo bo‘lishi uchun biologik xilma-xillikni asrash, tabiiy muvozanatni tiklash, tuproqning degradatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zarur.



So‘zlar amaliy harakatlarga aylanganida


O‘tgan yilning yanvar oyida Toshkentda hukumatni havo sifatini yaxshilash bo‘yicha uzoq muddatli reja ishlab chiqishga chaqirgan fleshmob o‘tkazildi. Aksiyada musiqachilar, blogerlar va ko‘proq Urikguli taxallusi bilan tanilgan ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova ishtirok etdi. U o‘z blogida muntazam ravishda ekologiya mavzusini, shu jumladan, havo ifloslanishi muammosini ko‘tarib kelmoqda.


Ekologiya vazirligining atmosfera holatining yomonlashish sabablari haqidagi hisoboti fleshmoob o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi. Ishtirokchilar hukumat tomonidan taklif etilgan qisqa muddatli choralarga qarshi chiqishdi: ular orasida ayrim turdagi yoqilg‘ilarni taqiqlash, transport harakatini «soat bo‘yicha» cheklash, «avtobuslarsiz yo‘llar» tashkil etish va vaqtinchalik qurilish moratoriysini joriy qilish choralari mavjud edi.


Mutabarning ta’kidlashicha, muhimi vaqtinchalik taqiqlar emas, balki tizimli nazoratdir. Eng avvalo – me’yorlarga rioya etmay, filtr o‘rnatmaydigan korxonalar ustidan, shuningdek, tartibsiz qurilishlar ustidan nazoratni kuchaytirish zarur. Aynan ana shu holat tufayli shahar butun bog‘lar, suv havzalari va boshqa tabiiy obyektlardan ayrilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, qurilish maydonlarida ko‘tarilayotgan chang hajmi ulkan bo‘lib, vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.



«Lesnoy»: nafas olish oson bo‘lgan joy


Toza havo haqida faqat deputatlar va faollar emas, balki biznes vakillari ham o‘ylashadi. Toshkentda «yashil» kafe-bar «Lesnoy» faoliyat yuritadi, uning ichida 2000 dan ortiq tirik o‘simliklar mavjud. Tushumning bir qismi daraxt ekish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Kafe asoschisi Ruslan Chagay loyiha konsepsiyasi va missiyasi haqida so‘zlab berdi.


– «Lesnoy» g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?


R.Ch.: Shaharda  havo va tabiiy muhit nihoyatda yetishmaydi. Odamlar nafasini rostlab, o‘zlarini «jonli» muhitda his qiladigan joy yaratishni xohlagandim. Shunday qilib, «Lesnoy» vujudga keldi – u shunchaki qahvaxona emas, balki Toshkent markazidagi haqiqiy yashil vohaga aylandi.



– Qahvaxonani shuncha ko‘p o‘simliklar bilan to‘ldirish nima uchun muhim?


R.Ch.: O‘simliklar har qanday interyerdan ko‘ra teranroq atmosferani yaratadigan tirik mavjudotlardir. Ular tarovat va hayot nafasini olib kiradi. 2500 dan ortiq o‘simliklarni parvarish qilish uchun jamoa zarur: kuniga kamida 4-5 nafar florist ularga qaraydi - sug‘oradi, ko‘chirib o‘tkazadi, kasalliklardan himoyalaydi, yorug‘lik bilan ta’minlaydi. Bu mehnat talab qiladi, ammo ayni paytda mehmonlarimizga juda yoqib qolgan tirik olamga g‘amxo‘rlik qilishdir.



– Loyihangiz havo sifatini yaxshilashga qanday hissa qo‘shadi?


R.Ch.: Men uchun toza havo – bu bugungi O‘zbekistonda ayniqsa yetishmayotgan narsa. Biz o‘z hissamizni faqat interyer bilan cheklamaslikka qaror qildik. Shunday qilib, «Daraxt ek – hayot baxsh et!» aksiyasini boshladik. Menyuda eman yong‘og‘i belgisi bilan ajratilgan taomlar bor: ularni buyurtma qilgan har bir mehmon daraxt ekish ishlariga hissa qo‘shadi. Hozircha «Yangi O‘zbekiston» parkida 100 ta ko‘chat ekildi – bu faqat boshlanishi. Aksiya yiliga ikki marta o‘tkaziladi. Bu kelajak avlodning atrofida ko‘proq kislorod va hayot bo‘lishi uchun qo‘shgan hissamizdir.


Biz boshqalarni ham ilhomlantirmoqchimiz – kafe egalarini, tadbirkorlarni, shahar aholisini. Odamlar g‘oya ishlayotganini ko‘rganlarida tushunishadi: shaharni yashillikka burkash aslida qiyin ish emas.



– Mehmonlar ko‘pincha qanday fikrlar bildiradi? Ular bu yerdagi muhitning boshqa joylardan farqini sezishadimi?


R.Ch.: «Bu yerda nafas olish osonroq!» – degan gapni ko‘p eshitamiz. O‘simliklar kislorod ajratish xususiyatiga ko‘ra tanlangan va buni haqiqatan ham his qilish mumkin. Endi o‘zini o‘rmonda his etish uchun shahar tashqarisiga chiqish shart emas.



– Qahvaxonangizni nafaqat gastronomik, balki odamlar yashillik va havoning ahamiyati haqida o‘ylab ko‘radigan ma’rifiy makon sifatida ham ko‘ryapsizmi?


R.Ch.: Ha, biz odamlar tabiat haqida, uning qadriyati haqida o‘ylashini istaymiz. Onglilik oddiy narsadan – daraxt ekish yoki uyda gul o‘stirishdan boshlanadi.


Keyingi bosqichda biz ekologik missiyamizni kengaytirmoqchimiz: daraxt ekish dasturini rivojlantirish, hamkorlarni jalb qilish va mehmonlarimizga ham ko’chat ekishda ishtirok etish imkonini berish niyatidamiz.



O‘rmon o‘rniga mural


Toshkentning Sergeli tumanida nafaqat ko‘rkam, balki havoni tozalaydigan eko-mural paydo bo‘ldi. Loyiha muallifi – rassom Nadejda Riksiyeva, u ushbu ishni TBC Bank bilan hamkorlikda amalga oshirdi.


– Sizni bu ishga nima undadi?


N.R.: Menga havoni tozalovchi bo‘yoq bilan bino fasadini bezash taklif qilindi. Men darhol rozi bo‘ldim – bu g‘oya juda muhim va zamonaviy tuyuldi. So‘nggi yillarda atrofimizdagi changning ko‘pligi ayniqsa sezilarli bo‘lib qoldi. Mashinalar va ko‘chalar atigi ikki kun ichida qalin chang qatlami bilan qoplanmoqda. Biz nafas olayotgan havoning tarkibini tasavvur qilish esa dahshatli.



– Ekologik mural qanday ishlaydi?


N.R.: Men ishlatgan bo‘yoq Airlite deb ataladi. Quyosh nuri ta’sirida u zararli moddalarni neytrallashtiradi, azot oksidlarini zararsiz birikmalarga aylantiradi. Bu jarayon o‘simliklardagi fotosintezga yoki momaqaldiroqdan keyin havoni tozalash ta’siriga o‘xshaydi.



– Sizningcha, har birimiz havoning tozaligini saqlash uchun nima qila olamiz?


N.R.: Eng muhimi – bu muammoni ochiq muhokama qilish. Biz hammamiz turli sohalarda ishlaymiz, turli hayot tarziga egamiz va ko‘pincha umumiy muammolar haqida o‘ylashga vaqt topolmaymiz. Shu sababli ekologiyani kundalik hayotimizning bir qismiga aylantirish juda muhim – resurslarni tejash, ongli iste’mol qilish, oddiy maishiy odatlarni o‘zgartirishdan boshlash kerak. Har bir inson nima qila oladi, degan savolga javob ham aynan shu - o‘zidan boshlashi kerak.



TBC Bank Sergelida ekologik mural yaratish g‘oyasi bilan chiqdi. Loyiha maqsadi – nafaqat havoning ifloslanish muammosiga e’tibor qaratish, balki amaliy yechimni taklif etish edi. G‘oya haqida TBC Uzbekistan marketing bo‘yicha direktori Nodira Sultonxodjayeva so‘zlab beradi.


– Havoni tozalaydigan mural g‘oyasi sizni nimaga undadi?


N.S.: Biz shaharliklarning diqqatini ifloslanish muammosiga qaratish yo‘lini izladik. Mural muammoni ko‘zga tashlanadigan va hissiy qilib ko‘rsatadi, havoni amalda tozalaydigan Airlite bo‘yog‘idan foydalanish esa eng maqbul vosita bo‘lib qoldi.


Bu bo‘yoq turli mamlakatlarda sinovdan o‘tkazilgan va azot oksidlarining miqdorini kamaytirishda sezilarli natija ko‘rsatgan. Ularning paydo bo‘lish manbalari yaxshi ma’lum - bu avtomobillarning chiqindi gazlari, elektr stansiyalaridagi yonish mahsulotlari va metallurgiya chiqindilaridir. 2007-yilda Rimda Airlite Umberto I tonnelida – shahardagi eng iflos joylardan birida qo‘llanilgan. Bir oydan so‘ng zararli moddalar darajasi 50% ga kamaygan va tonnel yana piyodalar uchun xavfsiz bo‘lgan. 2024-yil yanvar oyida Rim hokimiyati ushbu texnologiyani rasmiy ravishda kommunal ishlar dasturiga kiritgan.



– Nega aynan Sergeli tumani tanlandi?


N.S.: Sergeli – Toshkentning eng tez rivojlanayotgan tumanlaridan biri. Bu yerda aholining zichligi yuqori, loyiha natijasi ham shu hududda eng yaqqol seziladi. Muralning maydoni 250 m², bo‘yoq ishlab chiqaruvchisining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu shu o‘lchamdagi o‘rmon maydoniga teng. Bunda qoplama maxsus parvarish talab qilmaydi – yomg‘ir uning yuzasini tabiiy ravishda tozalaydi.



– Nega ekologiya va san’atni birlashtirish muhim deb o‘ylaysiz?


N.S.: Estetika – bu «jalb qiluvchi vosita». Odamlar to‘xtaydi, suratga oladi, muhokama qiladi va aynan shu paytda ular haqiqatan ishlaydigan texnologiya haqida bilib olishadi. Shu tarzda «ekologiya» mavhum tushuncha bo‘lishdan to‘xtab, shahar hayotining bir qismiga aylanadi.


Biz mural ayniqsa yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otishini ham payqadik: ular uchun vizual til yaqin va tushunarli.



– Nega aynan Nadejda Riksiyeva tanlandi?


N.S.: Nadejda – taniqli toshkentlik rassom, u fasadlar bilan ishlashda katta tajribaga ega. Uning eskizi «erkin nafas» g‘oyasini juda aniq ifoda etdi va darhol loyihaning asosiga aylandi. Biz yagona jamoa sifatida ishladik: u badiiy konsepsiya uchun javobgar bo‘ldi, biz esa materiallar va tashkilotchilik jarayonlarini ta’minladik.



– Ushbu loyiha sizning CSR-strategiyangizga qay tarzda mos tushadi?


N.S.: Biz haqiqiy ta’sir ko‘rsatadigan tashabbuslarni tanlaymiz. Yo‘nalishlarimiz moliyaviy savodxonlik, madaniyat va san’at, texnologiyalar hamda barqaror rivojlanishdan iborat. Ekologik loyihalarni biz uchta mezon asosida baholaymiz: shahar aholisi uchun foydasi, kengaytirish imkoniyati va ma’rifiy salohiyati. Mural ushbu uch mezonga ham to‘liq javob beradi.


Hozirda biz loyihani kengaytirishni – shaharning turli tumanlarida yangi ekomurallar yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Bu borada hokimiyat va developerlar bilan muzokaralar olib boryapmiz.



– Loyihaning samaradorligini qanday baholamoqchisizlar?


N.S.: Albatta, biz pirovardida shaharliklar hayoti ekologik jihatdan toza bo‘lishini va ularning iste’moli ongliroq bo‘lishini xohlaymiz. Aniq natijalar nuqtai nazaridan esa biz O‘zbekiston aholisi orasida ekologik tashabbuslarimiz haqida xabardorlik darajasini kuzatib boramiz. Chunki qancha ko‘p odam bu loyihalar haqida bilsa, biz shuncha tez maqsadimizga yetamiz.



Bitta obunachi – bitta daraxt


Shaharni ko‘kalamzorlashtirish uchun biznes egasi bo‘lish shart emas – faqat istak bo‘lsa kifoya. Bloger Abdurahim Abdulazizov (@ekdim.k) «Bitta obunachi – bitta daraxt» aksiyasini boshlab berdi: har bir yangi obunachi uchun u bittadan ko‘chat ekadi.


«Hozirgi havodan nafas olish chindan ham qiyinlashib bormoqda. Men, haddan tashqari ko‘p daraxtlar kesilayotgani muammoning bir qismi ekanligini tushundim. Shunda hatto oddiy obuna ham foydali bo‘lishi mumkinligini angladim. Har bir yangi obunachi – bitta yangi daraxt ekish degani, –  deb tushuntiradi Abdurahim. – Dastlab bu kichik tashabbus bo‘lib tuyulgan edi, ammo asta-sekin odamlar qiziqib, ilhomlanib, o‘zlari daraxt ekishga chiqadigan bo‘lishdi. Hozircha buni o‘zim amalga oshiryapman, lekin kelajakda turli hududlardan yoshlarni jalb etib, bu tashabbusni katta harakatga aylantirmoqchiman. Men uchun nafaqat tabiatni asrash, balki odamlarda ekologik ongni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega».


Bugungi kunda Abdurahimning blogida 38 mingdan ortiq obunachi bor, bu raqam xuddi ekilayotgan daraxtlar soni kabi o‘sishda davom etmoqda.


Bu maqoladagi qahramonlarning hikoyalari bir narsani ko‘rsatadi: toza havo uchun kurashning yo‘li ko‘p. Kimdir eko-loyihalar yaratadi, kimdir daraxt ekadi, boshqalar esa o‘z tashabbuslari bilan minglab insonlarni ilhomlantiradi. Ammo ularning barchasini yagona fikr birlashtiradi – ekologik o‘zgarishlar oddiy qadamlardan boshlanadi. Buni har bir kishi amalga oshirishi mumkin va aynan shu tarzda biz nafas olishga arzigulik kelajak shakllanadi.


Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari