. UZS

Chiptani xarid qilishdan oldin, 'Kirish' tugmasini bosib saytdan ro'yhatdan o'ting (Bu sizga chiptangizga o'zgartirish kirgizishga imkon beradi).

blog

Madaniyat12 Sentabr, 2025

Ipak yo‘li: taqdir rishtalari

Buyuk Ipak yo‘li bu shunchaki qadimiy savdo yo‘li emas. Bu bilimlar, xushbo‘y hidlar, g‘oyalar, ilhomlar va inson tarixlarining yo‘li bo‘lib, ular dunyo madaniyatining murakkab va mustahkam matosiga chambarchas to‘qilgan. Ushbu maqolada ikki qahramon, ikki nigoh, ikki ohang mujassam. San’atshunos, yozuvchi va parfyumer Gulchehra-begim Mahmudova hamda O‘zbekiston ayollari haqidagi ilhomlantiruvchi film muallifi va rejissyori Kristina Kretova har biri Ipak yo‘lini o‘zicha idrok etadi. Ularning hikoyalari qadimiy ipak tolalari kabi bir-biriga tutashib, yagona matoni hosil qiladi – unda, birlashtiruvchi va ruhlantiruvchi jonli quvvat sifatida Ipak yo‘li yana bir bor jonlanadi.




Gulchehra-begim Mahmudova: 


«Amour, Bonté, Culture, Beauté («Muhabbat, Ezgulik, Madaniyat, Go‘zallik») – mening hayot shiorim».



«Hid masofa degan narsani tan olmaydi», – deb yozadi yapon yozuvchisi Ryoko Sikiguchi «Hidlar chaqiruvi» nomli kitobida. Xushbo‘y hidlar – har qanday yoshdagi va madaniyatdagi insonlarga tushunarli bo‘lgan umuminsoniy til bo‘lib, ular asrlar va qit’alarni bog‘lovchi ip. Aynan xushbo‘y hidlar va ziravorlar, ipak bilan bir qatorda Xitoydan Yevropaga yetkazilgan ilk mahsulotlar bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lining jahon tarixidagi o‘rnini hikoya qilib bera oladi.


Biz tahririyatda Buyuk Ipak yo‘li haqida «G‘arbga, Sharqqa» ruknini rejalashtirganimizda, birinchi bo‘lib san’atshunoslik fanlari nomzodi, tarixiy asarlar muallifi, ssenariynavis, Parfum Gallery asoschisi va O‘zbekistonda madaniy boyliklarga bag‘ishlangan birinchi atirlar turkumi – Begim Perfumes’ning Treasure Collection loyihasi yaratuvchisi Gulchehra-begim Mahmudova haqida esladik.



– Gulchehra-begim, uchrashuv uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz! Ayting-chi, Buyuk Ipak yo‘liga bo‘lgan bunday katta mehr qayerdan boshlangan?


– Bu mening butun hayotim mavzusi. Men uni hikoya qiluvchi atirlar turkumi, ertaklar, romanlar va boshqa ijodiy loyihalar orqali hayotga tatbiq etyapman. Hatto nomzodlik dissertatsiyam ham Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi qadriyatlar almashinuvi mavzusiga bag‘ishlangan edi.


Hammasi maktabdagi birinchi diktantdan boshlangan. Uni shunchalik yaxshi yozgan edimki, o‘qituvchi ishonmadi – ko‘chirgan, deb o‘ylab, otamga shikoyat qildi. Ammo gap shundaki, bizning oilada doim kitob o‘qilardi. Ota-onam – Matluba va Said Jalol xorij safarlaridan jinsi yoki futbolka emas, balki kitoblar olib kelishardi. Buvim Mahbuba Olimxo‘ja qizi esa kechqurunlari afsonalar va ertaklar aytib berardi. Aynan undan menga fransuz tili darsliklari meros qolgan – hayratlanarli hol, axir gap XIX asr Farg‘ona vodiysi haqida ketmoqda! Uyimizda kitob o‘qilmagan yoki o‘qilgan asarlar muhokama qilinmagan biror oqshom bo‘lmagan. Yetim qolgan otam butun hayotida hammasiga o‘zi erishgan, hatto avtotransport vazirining o‘rinbosari lavozimi darajasigacha ko’tarilgan edi. U kishi uchun bilim – eng oliy qadriyat sanalgan.


Men uchun Ipak yo‘li – bu xushbo‘y hidlar,bilim va madaniy xazinalar yo‘li. Tarixni bilmasdan turib bugungi kunni anglab bo‘lmaydi, kelajak esa ilhomsiz va barqaror bo‘la olmaydi. Bu qarashlar bizning kompaniya shiorida ham o‘z ifodasini topgan: «Amour, Bonté, Culture, Virtue» –«Muhabbat, Ezgulik, Madaniyat, Go‘zallik». Madaniyat va ta’lim men uchun – rivojlanishning eng muhim kalitlari, kelajak uchun yo‘llanma.



Treasure Collection atirlar turkumini, jumladan, Silk Road atiri g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?


– Men qariyb 40 yildan buyon xalqaro biznesda faoliyat yuritaman va parfumeriyaning odamlar hayotida qanchalik muhim rol o‘ynashini juda yaxshi bilaman. Atir – bu oddiy hid emas, bu – ma’naviy mavzu, astral tana va ruh uchun oziqa. Tana ovqat bilan, ruh esa xushbo‘y iforlar bilan oziqlanadi. Biz Ollohga yuzlanganimizda, masjidda bo‘laylikmi, yoki cherkovda, yonimizda har doim bir hid – laddan, ud yog‘ochi, za’faronning hidi bo‘ladi. Bu ilhom beradi, yangi g‘oyalarga eshik ochadi.


Meni ayniqsa buvimning hidi ilhomlantirgan. Buvimning otasi unga Buxoro amiri sovg‘a qilgan – kichkina Guerlain flakonini bergan edi. Men taxminan besh yoshligimda uni tasodifan sindirib qo‘yganman. O’shanda buvim xafa bo‘ldi va men unga: «Katta bo‘lsam, sizga bir arava to‘la atir sovg‘a qilaman», – deb va’da bergandim. Va bajardim – u yuz yoshga to‘lganida va’damni ado etishga ulgurdim. Meni quchoqlab: «Bilardim, sen hammasiga erishasan – axir sen mening “import nabiramsan!”» – degan edi. Bu xotira hanuz menga kuch va ilhom baxsh etadi.




– «Import nabira» juda qiziq ibora!


– Ha, men san’atshunos va madaniyat kunlarining tashkilotchisi sifatida xorijda O‘zbekistonni namoyish etganman. 1987-yilda Marokashda tasodifan Yves Saint Laurent bilan tanishib qoldim, 1990-yilda esa biz Begim Parfum Gallery’ni ochdik. Endilikda 30 yildan ortiq vaqt mobaynida biz O‘zbekistonda 150 dan ortiq xalqaro brendlarning yagona eksklyuziv distribyutorimiz: YSL va Chanel’dan tortib Gucci va Dior’gacha.


Yetti yil avval biz tarix, madaniyat va Ipak yo‘lidan ilhom olgan hikoyaviy atirlar turkumi – Treasure Collection’ni yaratdik. Shveysariyaning Firmenich kompaniyasi bilan birgalikda biz Samarkand Spirit, Bukhara Spirit, Ruby of Temur, KohiNur Diamond va Silk Road iforlarini ishlab chiqdik. Bu atirlar aynan Yves Saint Laurent’ning o‘zi yaratgan atirlar ishlab chiqarilgan fransuz fabrikasida tayyorlanadi –men u kishining shogirdiman.


Har bir atirni yaratishdan oldin katta tadqiqotlar olib borildi. Masalan, Bukhara Spirit – ertaklar, donolik va ziravorlar (oltin bilan tenglashtiriladigan ne’matlar) shahri bo‘lmish muqaddas Buxoro haqidagi hikoya. Bir afsonaga ko‘ra: agar butun dunyoga quyosh osmondan nur sochsa, Buxoroda quyosh yerdan porlaydi – u yerni yoritadi. Shu sababli ham «Buxoroi Sharif» – «Muqaddas Buxoro» deb ataladi. Otam butun hayotini Buxoro shahrida o‘tkazgan, shu bois bu ifor men uchun juda shaxsiy va qadrli.


Begim brendining nomi ham oilaviy ildizlarga borib taqaladi. Otam meni hech qachon «Gulchehra» yoki «qizim» deb emas, faqat «Begim» deb chaqirardi. Bizning ajdodlarimiz Erondan kelgan, «Begim» esa Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) naslining ayol avlodiga xos unvon hisoblanadi. Otam har doim shunday derdi: «Begim, sen buyuk Payg‘ambarning zurriyotisan, sen buyuk vazifa uchun dunyoga kelgansan».



– Ajoyib hikoya! Otangiz yuz foiz haq bo‘lgan! Treasure Collection’dagi boshqa atirlar haqida ham suhbatlashsak?


– Albatta. KohiNur Diamond – «Nur tog‘i» degani, bu kuch va g‘alaba ramzi bo‘lgan atir. U qadimiy afsonalardagi massagetlar malikasi To‘maris obrazidan ilhomlangan. Bu atir uchun bizga o‘ziga xos tonka loviyalari kerak edi – hozir ular yumshoq va shirin hidi bilan mashhur, lekin bizga qat’iy va jasur ifor kerak edi. Biz kerakli tonka hidini Peru tog‘laridagi Machu-Picchu platosidan topdik – u yer kosmosga yaqin bo‘lgani uchun ifor ham betakror. Bu atirni men saylovdan ikki hafta oldin Boris Jonsonga sovg‘a qilgan edim, keyin u Londonda eng ko‘p sotilgan mahsulotga aylandi va tez orada butun dunyoga tarqaldi: Qatar, Quvayt, Hindiston, Saudiya Arabistoni va, albatta, O‘zbekistonga ham.



– Endi o‘quvchilarimiz Boris Jonsonga hokimiyat sari kim yo‘l ochgani va qanday atir ambitsiyalarga erishishga yordam berishi haqida ham bilishadi.


– Ha, to‘g‘ri. Endi biroz Samarkand Spirit haqida ham: bu atir – moviy gumbazli Samarqanddan ilhomlanib yaratilgan, u Amir Temurning poklik, qudrat va buyukligi ramzi. Ruby of Temur – buyuk hukmdorlar, xususan, Temur nomini o‘zida saqlab kelgan afsonaviy yoqutga bag‘ishlangan: bu jasorat va hokimiyat ifori. Silk Road esa harakat, bilish va buyuk kashfiyotlar yo‘lining timsoli.


Yaqinda biz yangi to‘plamni – Eternal Collection’ni ham taqdim etdik. Unga Magic Valley – Farg‘ona vodiysi va tabiat uyg‘unligidan ilhomlangan ifor hamda Universe of Love – butun Koinotdagi eng qudratli kuch – muhabbatga bag‘ishlangan atir kiritildi.


Men atirlar orqali bizning shiorimiz – «Muhabbat, Ezgulik, Madaniyat, Go‘zallik» g‘oyasini tarqatishga harakat qilaman. Ishonchim komilki, bola muhabbat muhitida voyaga yetsa, hech qachon boshqalarga yomonlik qilmaydi. Faqat shu yo‘l bilangina tinchlik va yorug‘ kelajakka erishish mumkin.




Siz sakkizta kitobni yozib ulgurgansiz – to‘rttasi bolalar, to‘rttasi kattalar uchun. Shuncha ko‘p tarixiy tafsilotlar bilan bu kitoblarni yozishga sizni nima ilhomlantiradi?


– Avvalo, oilamning tarixi: ota-onamning muhabbati, buvimning afsonalari, ajdodlarim. Birinchi kitobim – «Billur chilim shishasi» – buvimning xushbo‘y giyohlardan tayyorlagan chilimi va u aytgan hikoyalardan ilhomlanib yozilgan. Hikoya oxirgi Buxoro amirining xazinasini qidirish haqida. Bu xazinani topish – bolaligida yetim qolgan otamning orzusi bo‘lgan, u xazinani topib, kichik singlisini boqmoqchi edi.


Ikkinchi kitob – Amir Temurning yoquti va Toj Mahalni qurgan Shoh Jahonning sevgisi haqida. Uchinchisi – hozir Britaniya tojini bezab turgan Kohinur olmosi haqida. To‘rtinchi kitobim esa endigina nashrdan chiqdi, u «Qadimiy Xuroson xazinasi» deb nomlanadi. Bu ham chinakam qimmatbaho marvarid – eng yirik to‘q sariq rangli marvarid haqidagi sarguzasht bo‘lib, u Xuroson hukmdori, xalifa al-Ma’munga tegishli bo‘lgan. Xuroson tarkibiga O‘zbekiston, Samarqand, Buxoro, Erongacha bo‘lgan hududlar va ayrim arab davlatlari kirgan.


Bolalar uchun esa «Zamon ruhi haqidagi rivoyatlar» deb nomlangan turkumni yozdim, undagi kitoblardan biri dunyoning eng buyuk yo‘li – Ipak yo‘liga bag‘ishlangan. Shu asar asosida O‘zbekistonda ilk bor 3D multfilm suratga olindi, u «Oltin Humo» milliy mukofotiga sazovor bo‘ldi. Hozir esa «O‘zbekfilm» bilan boshqa hikoyalar asosida film yaratmoqdamiz. Ssenariylarni o‘zim yozaman – pandemiya davrida Butun Rossiya davlat kinematografiya institutining onlayn ssenariy kurslarini o‘qib chiqqandim.



– Orzuingiz – Silk Road Land bog‘i haqida so‘zlab bersangiz.


– Walt Disney avval multfilmlarni, so‘ngra ularga asoslangan bog‘ni yaratgan. U bunga 21 yil davomida intildi, men esa o‘z orzuimga besh yildan ko‘proq vaqtdan beri intilib kelmoqdaman. Men O‘zbekistonda Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniy almashuvga bag‘ishlangan ma’rifiy «Sharqona Disneylend» qurmoqchiman. Tasodifan bizning brenddagi «parfyumer burun» lardan birining turmush o‘rtog‘i – Disneylendlar hammualliflaridan bo‘lib chiqdi. Uning yordami bilan biz loyihaning tayyor texnik-iqtisodiy asosiga ega bo‘ldik.


Mening g‘oyamga ko‘ra, bolalar Ulug‘bek rasadxonasi orqali sehrli olamga kirib, mening kitoblarimdagi qahramonlar – Ajar-Zaxxar, jodugar Ajina va Zamon Boboning (zamon – «vaqt» degani, bu so‘z ko‘plab tillarda bir xilda yangraydi) sarguzashtlariga qo‘shiladi.


Mehmonlarni Amir Temur arenasi kutadi – bu yerda otlar va tuyalar ishtirokidagi janglar namoyish etiladi. Dengiz yo‘li, suv ostiga sho‘ng‘ish, abadiy hayot kapsulasi va bolalar turli kasblarni sinab ko‘radigan «Kidzaniya» uslubidagi hududlar bo‘ladi. Biz Yevropadan Janubi-Sharqiy Osiyogacha bo‘lgan barcha karvon va dengiz yo‘llarini qamrab olamiz. Hatto tungi immersiv shou rejasi ham yozib qo’yilgan – unda dronlar, yorug‘lik effektlari ishlatiladi va yarim soat ichida butun Ipak yo‘lining tarixi namoyish etiladi.



– Siz bir nechta sohada o‘zingizni namoyon etgansiz: biznes, parfyumeriya, san’atshunoslik, adabiyot… Bularning barchasiga qanday ulgurayapsiz? Sizning siringiz nimada?


– Ba’zida o‘zim ham hayron qolaman, lekin ishonamanki, bu menga yuqoridan – Yaratgandan, koinotdan, ajdodlarimdan keladi. Nabiralarim tez-tez so‘rashadi: «Buvi, abadiy hayot bormi? Siz doim biz bilan bo‘lishingizni xohlaymiz». Men ularga shunday deyman: «Bor. U – koinotda». Men yozgan ertaklardan birida «Diamond Planet» – ajdodlarimiz yashaydigan «Olmos Sayyora»si haqida so‘z yuritilgan. Menga ilhom kelganda, bu aynan o‘sha yerning nuri, o‘sha yerdan kelayotgan ishoradek tuyuladi.


Ishonchim komilki, biz yo‘q bo‘lib ketmaymiz, balki yaqinlarimizga yaqin qolib, shunchaki, boshqa olamga o‘tamiz. Ajdodlar bizga yo‘l ko‘rsatishadi – faqat eshitishni bilish kerak. Men bir narsani angladim: vaqt degan narsa yo‘q. Bu yil Begim brendi 35 yoshga to‘lmoqda, men esa – 70 yoshga va nazarimda, hammasini endi boshlayapman. Hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p!


Men juda ko‘p uchaman. Samolyotda hamma uxlab yotganda men uxlay olmayman – negadir u yerda o‘zimni onam va otamga, yaqinlarimga, osmonga yaqinroq his qilaman. O‘sha lahzalarda eshitaman, his qilaman, ularning ishoralarini ilg‘ayman va darhol yozib qo‘yaman – ilgari daftarimga, hozir esa telefonga. Kitoblarim shu tarzda yaratiladi – xotiraning davomidek, tarix bilan suhbatdek.


Men o‘tmish haqida yozaman – buyuk sivilizatsiyalar, madaniy xazinalar haqida. Ular butun insoniyatga tegishlidir. Ularni asrash orqali biz kelajakka sarmoya kiritamiz. Balki, mening sirim shunda bo‘lsa kerak.



– Doimo safarga o‘zingiz bilan birga olib ketadigan biror narsangiz bormi?


– Ha. Onamdan qolgan kichik kitob bor – unda Qur’onning o‘zbek, rus va arab tillaridagi tarjimalari jamlangan. Ilgari uni ochmasdim, hozir esa har safar o‘qiyman – u doim yonimda.



– Bizning jurnalimiz sayohatlar haqida. Siz uchun eng sevimli shaharlar qaysilar va nima sababdan ularni yoqtirasiz?


– Toshkent va Buxoro men uchun eng aziz shaharlar. Yana Dubay – onamga juda yoqardi, men onamni u yerga olib borganman. Parij esa – ikkinchi vatanim. Turmush o‘rtog‘im Sobir Ro‘ziyev – Olimpiada sovrindori, qilichbozlik bo‘yicha uch karra jahon chempioni, bu sport turi esa fransuz sport turi sanaladi. Fransiya nafaqat professional tayanch nuqtasi, balki taqdirimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi.



– Toshkentdagi eng sevimli joylaringiz qaysilar?


– Burchmulla. Men va buvim u yerga qichitqi o‘t yig‘ish uchun borardik. U bilan har xil dardni davolashgan – choy damlab ichishardi, burunga tomizishardi, qaynatmalar tayyorlashardi. Va albatta, Alisher Navoiy nomidagi katta teatr – uning qurilishida bobom ishtirok etgan.



– O‘zbekistonga ilk marta kelganlar uchun qayerga borishni tavsiya qilasiz?


– Albatta, Samarqand, Buxoro, Xiva va o‘zining giyohlari-yu ekologiyasi bilan mashhur Farg‘ona vodiysi. Ularda bu yurtning ruhi mujassam.



– Yangi shahardagi sizning shaxsiy top-3 joylaringiz?


– Kutubxona, muzey va opera-balet teatri.



– Parfyumer sifatida shaharlarni hidlar orqali eslab qolganmisiz?


– Albatta. Masalan, sevimli Parij menga Sena daryosining hidini eslatadi, uning har bir qismida o‘ziga xos hid bor – botqoq hididan tortib to musaffolikkacha. Sohil bo‘ylab, ko‘priklar ustida yurishni yaxshi ko‘raman – ular men uchun xotira, obraz, ilhom manbai.




Bir necha oy davomida sizga jurnal sahifalarida «Ayollar va yo‘llar. O‘zligingizga eltuvchi Ipak yo'li. O‘zbekiston» nomli film haqida so‘zlab berishni orzu qilgan edik. Bu film Peterburglik rejissyorlar dueti – Kristina Kretova va Anna Kameneva tomonidan suratga olingan. Jurnalning ushbu soni uchun tanlangan «G‘arbga, Sharqqa» mavzusi shu filmga aynan mos tushdi. Eng quvonarlisi – maqolamizning birinchi qahramoni Gulchehra-begim Mahmudova ham ushbu filmda suratga tushgan.


«Ayollar va yo‘llar. O‘zligingizga eltuvchi Ipak yo'li. O‘zbekiston» filmi 2024-yilda suratga olingan va u bir necha xalqaro kinofestivallarda: Cannes Arts Film Fest 2025, Los Angeles Independent Film Channel Festival 2024, Miami Women Film Festival 2024, Indo Dubai International Film Festival 2025 va boshqa ko‘plab nufuzli maydonlarda e’tirofga sazovor bo‘lgan. Suratga olish jarayonida guruh butun mamlakat bo‘ylab 1800 kilometrdan ortiq yo‘l bosib o‘tdi, Toshkent, Samarqand, Buxoro va qadimiy yo‘lning boshqa shaharlarini ham ziyorat qildi, o‘nlab intervyular o‘tkazdi. Xalqaro ayollar jamoatchilik fondining asoschisi, Osiyodagi eng nufuzli 100 ayol ro‘yxatiga kirgan Saodat Tursunboyeva, Nukusdagi I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyining sobiq direktori Marinika Babanazarova, xonanda Sayyora Musayeva, Chorsu bozoridagi oshpaz ayol, «Koinot Go‘zali» ishtirokchisi, paxta dalasining egasi, Samarqanddagi «Abadiy shahar» tarixiy-etnografik parki art-direktori, dizayner, ovchi ayol va boshqa ayollar filmning qahramonlari bo’ldilar. Ular kadrda ko‘rinadigan rejissyorlarning oila va ish haqidagi oddiy savollariga javob berishadi, hayotdagi murakkab sinovlar haqida so‘zlab, bu sinovlar o‘ziga xos taraqqiyot nuqtasiga aylanganini ko‘rsatishadi. Shu orqali ular o‘zlarining kuch-qudrati va ilhomi bilan o‘rtoqlashishadi.


Film va Ipak yo‘li haqida biz rejissyorlardan biri – Kristina Kretova bilan suhbatlashdik. U 25 dan ortiq kitob muallifi bo‘lib, kitoblarining ko‘pchiligi bestsellerga aylangan, arab va ingliz tillariga tarjima qilingan. Kristina – mashhur spiker, sayohatchi (intervyu chog‘ida u Afrikada edi) va kiyim-kechak brendining asoschisi.




Kristina Kretova: 


«Ipak yo‘li bu shunchaki uzoq o‘tmishdagi savdo yo‘li emas, balki har bir inson taqdirining mustahkamligi va qadriyatini ifoda etuvchi timsol».



Men sizning filmingizni ilk bor tomosha qilganimda, dastlabki fikrim shunday bo‘ldi: «Bu filmni iloji boricha ko‘proq odamlar ko‘rishi kerak! Bu chinakam ilhom manbai, qahramonlaringiz aytgan har bir jumla sitata bo‘lishga loyiq!». Ammo, hozircha u festival talablari tufayli keng ommaga namoyish etilmagan. Qachon film prokatga chiqadi?


– Film yozgi so‘nggi festivallarni yakunlayotgani sababli, 2025-yil sentyabridan boshlab uni turli platformalarda ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi.



Kristina, kinokartinadagi asosiy g‘oya nimada?


– Agar chuqurroq ma’no izlasak, biz ssenariy orqali faol ayollarning taqdiri haqida so‘z yuritamiz. Marshrut metaforasidan foydalanib, hayotiy voqealar va xatti-harakatlarning ko‘plab tolalaridan to‘qilgan ipakka o‘xshash shaxsning kuch-qudratini tasvirlaymiz. Bu shaxs qudrati mayin, oqimdek ravon, nafas olayotgandek jonli... biroq shu bilan birga mustahkamdir.


Kurash va raqobatning o‘zi ma’nosiz. Haqiqiy kuch – ichki va tashqi muvozanatda, o‘zimiz bilan, boshqa ayollar va erkaklar bilan bo‘lgan munosabatlarda, oilamizda va undan tashqarida. Har bir insonning muvozanati orqali, ehtimol, bir kuni butun Koinotning muvozanati yuzaga keladi. Biz aynan shuning uchun film suratga olamiz. Umid qilamanki, filmimizda aynan shu ma’no ifodalangan.


Boshidanoq, loyihamizning asosiy maqsadlaridan biri odamlarni sayohat qilishga va yo‘nalishlarimizga ergashishga undash edi. Biz kuchli voqealarni hikoya qilish uchungina emas, balki tasvirga olayotgan joylarimiz bilan tomoshabinni chuqur hissiy bog‘lanishini shakllantirish uchun suratga olamiz. Biz tomoshabinlarni o‘zlarining shaxsiy sayohatlariga– nafaqat jismoniy, balki ichki olamiga ham yo‘l olishga undamoqchimiz.




Kristina Kretova:


«Bu film orqali biz zamonaviy O‘zbekiston siz tasavvur qilganingizdek oddiy emasligini ko‘rsatmoqchimiz. Ipak yo‘li esa, shunchaki uzoq o‘tmishdagi yo‘nalish emas u bu yurtda yashagan va yashayotgan har bir insonning taqdiridagi bardavomlik va bebaho qadriyatlarning timsoli. Biz uchun esa bu tarixni dunyo bilan bo‘lishish juda muhim!».



Anna Kameneva – ikkinchi rejissyor, saundtreklar muallifi, xonanda va noshir: «Biz ayollarning turfa qiyofalari va taqdirlari, shuningdek, avtomobil sayohatlari dinamikasi orqali sayyoramizning rang-barangligi va go‘zalligini namoyish etamiz.


Filmimiz – haqiqiy insonlar va ularning hikoyalari haqida, ammo realizm ham har xil bo‘ladi. Rejissyor tanlov qilishi kerak: bu notekis dunyoning qaysi qirrasi ko‘rsatiladi va qaysi tomoni ta’kidlanadi? Biz Kristina bilan ilhomni, inson qalbining go‘zalligini tanladik, lekin uni halol, bezaklarsiz ko‘rsatishga harakat qildik. Shu sababli filmlarimiz “jonli” chiqdi, ular o‘ylashga undaydi, hatto ba’zilarga umid va o‘z kuchiga ishonch baxsh etadi».



– «Ayollar va yo‘llar» turkumidan ikki filmingiz chiqdi biri Baykal, ikkinchisi O‘zbekiston haqida. Nega aynan O‘zbekiston tanlandi?


– O‘zbekistonga birinchi marta xizmat safari bilan keldim va bu yerning go‘zalligi hamda odamlarning ruhiy qudratidan hayratda qoldim. Meni ayniqsa Buyuk Ipak yo‘li tarixi lol qoldirdi: qancha ko‘p bilganimiz sari, shuncha kam bilishimizni his qilamiz. Shunda men sherigim va hammuallifim Anna Kamenevaga loyihamizni aynan shu yerda suratga olishni taklif qildim. Rejamiz: Toshkentdan to Qoraqalpog‘istondagi Mizdaxon maskanigacha yo‘l bosib o‘tish edi – bu yer, rivoyatlarga ko‘ra, birinchi inson Odam ato dafn etilgan joy. Anya meni darhol qo‘llab-quvvatladi, qisqa vaqt ichida hamkorlar va homiylar topildi va biz suratga olish ishlarini boshladik.



– Menimcha, film shu darajada mazmunga boy bo‘ldiki, tomoshadan so‘ng menda savol tug‘ildi: bundan keyingi loyihalar qanday bo‘lishi kerak, ularning darajasi yanada yuqoriroq bo‘lishi uchun? Endi qanday yashash kerak?


– Yashash – kamida yoqimli, chunki siz yangi do‘stlar orttirdingiz, O‘zbekiston esa endi abadiy yuragingizga yaqin maskanga aylandi. Kuch haqida aytsak – u doim qahramonlarimizning kuchi bilan belgilanadi va shu ma’noda biz suratga olishni to‘xtata olmaymiz... Har bir qahramonimizdan o‘zimiz ham nimanidir o‘rganayotgandekmiz.



Siz va Anna Kameneva asos solgan East&West brendingiz haqida so‘zlab bersangiz agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u film ustida ishlash jarayonida paydo bo‘lgan? Uni yaratishga nima turtki bo‘ldi?


– Bizni Ipak yo‘lining hunarmandlari, masalan, yetti avloddan beri kashtachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan erkak ustalar, O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon va Qirg‘izistonda saqlanib qolgan an’analar va ishlab chiqarish texnologiyalari hayratga soldi. Bu befarq qoldirmaydi. Shu bois biz ushbu go‘zallikni kiyim-kechak va aksessuarlar bilan o‘z brendimiz orqali hikoya qilishga qaror qildik.




Kristina, bilishimcha, sizning bolalar uchun yangi kitobingiz ham yaqin orada chop etiladi. Bu safar u O‘zbekiston haqida bo‘ladimi?


– Ayni paytda «Sichqoncha Nedo va bo‘taloq Omarning Ipak yo‘lidagi sarguzashtlari» nomli kitobim ustida ishlayapman. U rus tilida, 2026-yilda «Piter» nashriyotida nashr etiladi. Bu kitob sichqoncha Nedo sayohatlari haqidagi turkumning davomi – u allaqachon Kaliningrad, Sankt-Peterburg va Ladoga ko‘lida bo‘lib ulgurgan. Bu safar esa, men uni Birlashgan Arab Amirliklari haqidagi kitobimdagi bo‘taloq bilan do‘st tutmoqchiman. Umid qilamanki, o‘quvchilarni go‘zal yurtingizga kelishga va buyuk qadimiy yo‘nalishdagi shaharlarni ziyorat qilib, ertak qahramonlari yo‘lini takrorlashga ilhomlantira olamiz. Ertaklarning illyustratori esa sizning hamyurtingiz – Zilola Hamidova bo‘ladi.



«Ayollar va yo‘llar» turkumidagi navbatdagi filmingiz qaysi mamlakat haqida bo‘ladi?


– Biz allaqachon Ozarbayjon haqidagi filmni yakunladik va uni festivallarda taqdim etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. BAA haqidagi film esa postproduksiyada. Bu yilgi rejalarimiz orasida Yaman tarkibidagi Sokotra orolida suratga olish ham bor.




Ipak yo‘li – xushbo‘y hidlar va filmlarda, ayollarning ovozlarida va shaxsiy missiyalarida, ajdodlar xotirasi va kelajak orzularida davom etadi. Gulchehra-begim Mahmudova va Kristina Kretovaning hayot yo‘llari taqdirning ingichka, ko‘z ilg‘amas rishtalaridan yangi – ichki, madaniy va ijodiy yo‘nalishlar shakllanayotganini aks ettiradi. Ular bizga: chinakam yo‘l kilometrlar bilan emas, balki yurakdagi chuqurlik, anglash, va o‘z tarixiga, yurti va xalqiga bo‘lgan muhabbat bilan boshlanishini eslatib turadi.