. UZS

Chiptani xarid qilishdan oldin, 'Kirish' tugmasini bosib saytdan ro'yhatdan o'ting (Bu sizga chiptangizga o'zgartirish kirgizishga imkon beradi).

blog

Madaniyat17 Sentabr, 2025

Tuproq va muhabbatdan: o‘zbek tokining tug‘ilish siri

O‘zbekistonning qoq markazida, go‘zal manzaralar qo‘ynida mamlakatning ajoyib maskanlaridan biri – Uzumfermer oilaviy xo‘jaligi joylashgan. Bu shunchaki ferma emas – bu go‘yo tirik mavjudot, uning har bir qarich yeri va har bir bosh uzumi oila qadriyatlari, an’analarga ehtirom va oliy sifatga intilish bilan yo‘g‘rilgan. Biz xo‘jalik rahbari Dmitriy Lukyanov bilan o‘zbek tabiatiga xos ichimlik qanday yaratilishi va nima uchun bu yerda har bir kishi o‘zini o‘z uyidagidek his qilishi haqida suhbatlashdik.

 


– Uzumfermer’ning tashkil etilishi haqida so‘zlab bersangiz. 


– Uzumfermer ’ning tarixi tok ko‘chatlarini ekishdan boshlanmagan, aksincha, u har kuni bir-biriga yaqinlashtiradigan va yonma-yon bo‘lishga imkon beradigan oilaviy korxonani yaratish orzusidan boshlangan. 2018-yilgacha bu yerda faqat kichik dala hovli bo‘lgan, vaqt o‘tishi bilan u katta maqsadlarning boshlanish nuqtasiga aylangan. Uning asoschilari Rashid va Zimfira Oxunovlar butun umr turli sohalarda ishlagan bo‘lsalar-da, doimo umumiy ish yuritishga intilganlar. Shunday qilib, Uzumfermer biznes sifatida emas, balki sevgi, ishonch va bunyodkorlikka intilishdan paydo bo‘lgan oilaviy falsafa sifatida dunyoga keldi.


Mening bu xo‘jalikdagiishtirokim 2019-yilda boshlandi – menga shunchaki chinakam yaxshi bir ish bilan shug‘ullanishni taklif qilishdi va men rozi bo‘ldim. Bu men uchun ham sinov, ham qiziqish hamda qandaydir qiziqarli narsaning bir qismi bo‘lish imkoniyati edi.


Bugungi kunda Uzumfermer – oddiy ferma emas, u ehtiros, mehnatsevarlik va oilaviy qadriyatlarning timsoli. Bizning mahsulotimiz xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda. Barchasi esa, oddiy bir parcha yerdan boshlangan bo‘lib, bu g‘aroyib tarixning ibtidosi hisoblanadi.





– O‘zbekistonda yetishtirish uchun uzumning qaysi navlarini maqbul deb topdingiz?


– Uzoq davom etgan tajribalar – bizda 100 dan ortiq uzum navlari o‘sadi – ular qaysi bir nav mahalliy iqlim, tuproq va mintaqa muhitiga ko‘proq mos kelishini aniqlashimizga yordam berdi. Natijada biz iqlim sharoitimizda o‘zini yaxshi his qiladigan va yorqin ta’m hamda hid beradigan jahon klassikasi – Cabernet Sauvignon, Pinot Noir va Riesling texnik navlariga to‘xtaldik. Mehmonlar uchun dasturxonbop uzum navlarini ham yetishtirmoqdamiz, ammo bu tijorat maqsadidan ko‘ra ko‘proq mehmondo‘stlik va zavq olish uchun qilinadi.


Jupiter’ning maxsus navi – Kaliforniya gibridi alohida o‘rin tutadi, undan dunyoda o‘xshashi yo‘q – maymunjon, qora qorag‘at va mango notali noyob mahsulot olinadi.

 

Avtoxton Bayan Shirey navidan olingan, o‘zbek zaminining ruhi sezilib turadigan Rundweis bizning top mahsulotimiz –alohida faxrimiz hisoblanadi. Biz xalqaro standartlarga mos keladigan, lekin o‘ziga xos mahalliy xususiyatlarga ega bo‘lgan mahsulot yaratishga intildik va aynan mana shu navlar bizga buni amalga oshirish imkonini beradi.



– Innovatsiyalarni qo‘llaysizmi va ular mahsulot sifatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?


– Uzumfermer allaqachon zamonaviy texnologiyalar sari odimlab ketgan. Biz uzumni ehtiyotkorlik bilan qayta ishlashga imkon beradigan uskunalardan foydalanamiz, toklarning o‘sishi va hosil sifatini aniq nazorat qilish uchun tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llaymiz.


Bizning ustuvor yo‘nalishimiz – organik yondashuv: minimal aralashuv, maksimal e’tibor. Axir hamma narsa uzumdan boshlanadi – yomon rezavor mevadan qanchalik urinmang, yaxshi mahsulot tayyorlab bo‘lmaydi. Shuning uchun biz tok o‘sishidan to hosilni yig‘ib olgunga qadar har bir bosqichni sinchkovlik bilan kuzatib boramiz. Terim jarayoni qo‘lda, uzumlar bizga kerakli darajada pishib yetilganda amalga oshiriladi. Uzum ehtiyotkorlik bilan uziladi, sovitiladi, so‘ngra qayta ishlashga yuboriladi. Bunday yondashuv ta’m va hidning sofligini saqlab qolish imkonini beradi – aynan shu yo‘l bilan sifatli mahsulot yaratiladi.



– Uzumfermer – bu nafaqat ferma, balki turmush tarzi ham. Uning asosida qanday qadriyatlar yotadi?


– Avval aytganimdek, bu oila, mehnat va samimiylikning falsafiy ifodasi hisoblanadi. Har bir mehmonimiz tom ma’noda oilaga kirib, sodir bo‘layotgan jarayonning guvohiga va ishtirokchisiga aylanadi. Biz uzum shingili dasturxonga yetib borguncha bo‘lgan jarayonni kuzatish imkonini beruvchi madaniy muhit yaratamiz: uzumzor bo‘ylab sayr qilish, ishlab chiqarish bosqichlarini kuzatish va chinakam shinam uy muhitini his qilish.


Uzumfermer asoschilari Rashid va Zimfira Axunovlar aynan ferma hududida istiqomat qilishadi. Zimfira bog‘ni o‘z qo‘li bilan parvarish qiladi, Rashid esa – faylasuf va ilhomlantiruvchi sifatida mahsulot bilan shaxsan shug‘ullanadi.


Birgalikda esa, ular – har kuni o‘z ishiga sidqidildan yondashuvchi oila. Mehmonlar buni his qilishadi: Uzumfermer – hamma narsa haqiqatdan ham yashaydigan maskan.

 






– Degustatsiyao‘zi bir san’at. Bu harakatga mos keladigan o‘ziga xos muhitni qanday yaratasiz? Biror an’ana bormi?


– Shubhasiz, biz degustatsiyaga o‘ta nozik, deyarli meditativ jarayon sifatida hurmat bilan qaraymiz. Mutaxassislarimiz shunchaki dasturxon yozishmaydi – uning tarixini so‘zlab berishadi, xususiyatini ochishga ko’maklashadi, ta’mni tushunishga o‘rgatishadi.

 

Har bir mehmonga, xoh u yangi bo‘lsin, xoh ishqiboz bo‘lsin, biz ushbu o‘ziga xos dunyoga chuqur, ko‘p qatlamli kirib borishni taklif etamiz. Rang, hid, ta’mni qanday baholash, nima bilan uyg‘unlashtirish va qanday haroratda dasturxonga tortishni tushuntiramiz. Bizning o‘z odatimiz bor: avval – vizual baholash, keyin – "birinchi burun", xushbo‘y hidni birinchi marta hidlash. Mahsulot biroz "nafas olgandan" so‘ng, "ikkinchi hidlash" amalga oshiriladi va shundan keyingina ta’mning o‘zi o‘z muvozanati, nordonligi va keyingi ta’mi bilan birga keladi.


Ammo eng muhimi – tajriba emas, balki ochiqlikdir. Har bir mehmon shaxsiy, jonli taassurot bilan ketishi uchun biz har doim tashrif buyurgan mehmonga qarab moslashamiz.



– Fermaning ruhini eng yaxshi aks ettiradigan bir joyni ayting.


– Bu shubhasiz – uzumzor, axir hammasi aynan o‘sha yerdan boshlanadi. Ishlab chiqarish qanchalik yuqori darajada jihozlangan bo‘lmasin, mahsulotning joni tok novdasida tug‘iladi.


Yaxshi ta’m – bu eng avvalo yaxshi uzum, uni parvarish qilish esa oson emas. Aytishlaricha, fermerning to‘rtta dushmani bor ekan: yoz, kuz, qish va bahor. Har mavsumda – yangi xavf-xatarlar va tashvishlar paydo bo‘ladi, uzum esa nozik, zaif, har kuni e’tibor talab qiladigan ekin.


Biz doimo tabiat bilan aloqadamiz. Xo’jalikda sodir bo‘layotgan barcha narsa uzumzor o‘zini qanday his qilishi bilan bevosita bog‘liq. Ob-havo, zararkunandalar yoki inson xatosi tufayli hosilni juda tez yo‘qotish mumkin. Uzumzor biz uchun – fermaning yuragi hisoblanadi: agar u yer bilan uyg‘unlikda yashasa, demak, tayyorlanayotgan mahsulot ham xususiyatga va ruhiyatga ega bo‘lib chiqadi.



– Uzumfermer dekorativ bog‘i o‘zida nimani aks ettiradi?


– Uzumfermer bog‘i – loyiha hammuassisi Zimfira Oxunovaning shaxsiy ijod mahsulidir. Uning sayohatlaridan ilhomlangan bu bog‘ 1500 dan ortiq o‘simlik turlarini o‘z ichiga olib, mavzuli hududlarga bo‘lingan: sakura daraxtlari va hovuzli yapon bog‘i, Bali burchagi, xitoycha choyxona, italyancha amfiteatr, ruscha maydoncha hamda Zimfiraning turmush o‘rtog‘iga sovg‘asi – uzum ushlab turgan qiz shaklida yaratilgan atirgulzor.


Har bir hudud – go‘yo oila hayotining bosqichlarini aks ettiruvchi jonli tarix, ilhom manbai va madaniy merosining bir qismi.





– Mini-mehmonxona qanday xizmatlarni taklif etadi va Uzumfermer oshxonasining o‘ziga xosligi nimada?


– Uzumfermerga tashrif buyurish – bu shunchaki dam olish emas, balki madaniy-gastronomik tajriba orttirishdir. Bizning mini-mehmonxona va restoranimizda mehmon gastronomiya va o‘zbekona mehmondo‘stlik ruhi uyg‘unlashgan muhitga sho‘ng‘iydi. Biz sayohatlar, degustatsiyalar, mahorat darslari va vinochilar bilan uchrashuvlar uyushtiramiz. Restoran esa alohida taassurot qoldiradi. Dastlab biz Yevropa klassikasiga, ya’ni steyklar, pasta, pishloqlarga e’tibor qaratdik, ammo tez orada ma’lum bo‘ldiki, mehmonlar asl o‘zbekcha taomlarni istashadi. Shunday qilib, palov, beshbarmoq, baliq va qo‘zichoq kabobidan iborat etnogastronomik taomnoma paydo bo‘ldi.


Oshxonamiz ochiq: mehmon faqat jarayonni kuzatish bilan kifoyalanib qolmaydi, balki unda ishtirok etishi – xamir qorishi, go‘sht pishirishi, qozonda ovqat tayyorlashi mumkin. Bu jonli, samimiy va esda qolarli tajriba. Biz uchun har bir mehmon shunchaki fotosuratlar bilan emas, balki bu yerda ta’m, his-tuyg‘u va samimiy muloqotga to‘la qisqa, ammo mazmunli hayot kechirganini his qilgan holda ketishi muhim.



– O‘zbekistonda agroturizmni rivojlantirishda sizning o‘rningiz qanday?


– Ishonchimiz komilki, agroturizm – O‘zbekiston madaniy taraqqiyotining muhim qismi. Bu yo‘nalish mamlakatimiz madaniyatini yoritib beradi, uni butun dunyo aholisi uchun yaqinroq, tushunarli va mazmunliroq qiladi, yer, iqlim, an’analar bilan bog‘liqligini anglashga imkon beradi. Biz sayohatlar, degustatsiyalar uyushtiramiz, ko‘rgazma va festivallarda ishtirok etamiz.


Bizning maqsadimiz – har bir mehmonni mamlakatga yangicha qarash, his-tuyg‘ular, taassurotlar va jonli hamda haqiqiy narsaga yaqinlashganlik hissi bilan ketishiga ruhlantirishdan iborat. Biz agroturizmning mohiyatini ana shunda, deb bilamiz.



– Chet elda sizni nima ilhomlantirdi? Siz o‘zlashtirgan amaliyotlaringiz bormi?


– Uzumfermer asoschilari turli mamlakatlarning an’analarini o‘rganish uchun ko‘p sayohat qilishgan – Gruziyadagi kvevridan to Fransiyada eman bochkalarida yetiltirilgan mahsulotgacha. Biz nusxa ko‘chirmadik, balki eng ilg‘orlaridan o‘rganib, o‘zbek zaminining ta’mini aks ettiruvchi mahsulot yaratdik. Bu tajriba bizga xalqaro miqyosga chiqishga yordam berdi. 2023-yilda Berlin Wine Trophy tanlovida O‘zbekistondagi eng yaxshi ishlab chiqaruvchi, deb tan olindi va muntazam ravishda Mundus Vini, Asia Wine Trophy, Prodexpo tanlovlarida oltin medallarni qo‘lga kiritmoqdamiz.


Gruziya, Moldova, Rossiya ustalari bilan maslahatlashib, ularning amaliyotini mahalliy sharoitga moslashtirdik va o‘z uslubimizni yaratdik. Ishlab chiqarishimizning mohiyati aslida ana shundan iborat – bu tajribani qadrlash va o‘z "ovozi"ni topishga asoslangan yo‘l.





– Kelajakdagi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashasizmi?


– Asosiy loyihamiz – Bo‘stonliq tog‘ oldi hududida mintaqadagi birinchi gravitatsion fermani qurish. Ispaniyaning Bodegas Baigorri loyihasidan ilhomlanib, biz ichimlikni tabiiy yo‘l orqali – nasoslarsiz, ehtiyotkorlik bilan va ekologik toza usulda ishlab chiqaradigan inshoot yaratmoqdamiz. Bu yangi sifat darajasi va Markaziy Osiyodagi birinchi shunday loyiha bo‘ladi. Hozir faol ravishda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda: ruxsatnomalar olish, loyihalash, muhandislik yechimlari ishlab chiqish... Shu bilan birga, mehmonlar uchun infratuzilmani rivojlantirishni davom ettiryapmiz. Kengaytirish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan va tez orada yangi navlar hamda manzillarni taqdim etamiz.



– Siz mahalliy fermerlar bilan hamkorlik qilyapsizmi?


– Albatta, biz boshqa fermerlar bilan faol hamkorlik qilamiz. O‘zbekistondagi hamjamiyatimiz hali yosh, ammo tobora mustahkamlanib bormoqda. Biz tajriba almashamiz, forumlarda qatnashamiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizda klassik ma’nodagi raqobat yo‘q – o‘zaro hurmat va birgalikda o‘sishga intilish bor. 20 gektarga yaqin o‘z tokzorlarimiz bor, lekin kerak bo‘lganda biz sinalgan fermerlar, ayniqsa, Parkentdagi fermerlar bilan ishlayapmiz. Ishonchli hamkorlik – barqaror sifatning asosi.


Qo‘shma loyihalar ulkan salohiyatga ega. Biz birgalikda o‘zbek mahsulotini dunyoga tanitishimiz, iste’mol madaniyatini rivojlantirishimiz va kuchli hamda ko‘p qirrali tarmoqni shakllantirishimiz mumkin.



– Tasavvur qiling, 50 yildan so‘ng siz yana fermaga qaytdingiz. Uni qanday tasavvur qilasiz?


– 50 yildan so‘ng men Uzumfermerni nafaqat muvaffaqiyatli ferma, balki O‘zbekiston madaniy tarixining bir qismi – kelajak avlodlarni ilhomlantiradigan, birlashtiradigan va mamlakatimizdagi ta’mni yetkazib beradigan maskanga aylangan holda ko‘rishni istardim. Hozir biz atigi yetti yoshdamiz, lekin allaqachon 35 dan ortiq xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lganmiz. Oldinda – butun mamlakat bo‘ylab turizm tarmog‘ini yaratish vazifasi turibdi. Biz har bir sayyohlik shaharlarida – Samarqanddan Xivagacha – Uzumfermerning shoxobchasi bo‘lishini, mehmonlar mahalliy mahsulotni tatib ko‘rib, shunchaki esdalik sovg‘asini emas, balki haqiqiy taassurotlarni olib ketishini istaymiz.


Eksportga chiqishga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston allaqachon bizga qiziqish bildirmoqda – sayyohlar O‘zbekiston ta’mini o‘zlari bilan olib ketishni xohlashmoqda. Biz hozircha o‘sish bosqichidamiz, ammo, kelajakda Uzumfermerni albatta dunyoga tanitamiz.


Yarim asrdan so‘ng bu yerga qaytib kelsam, halol, oilaviy, jonli, ammo butun dunyoga tanilgan, bilim beruvchi, ilhomlantiruvchi va o‘zbek terroirining ramzi sifatida Uzumfermer nomini olib yurgan fermani ko‘rishni istayman.





– Sizning fermangizga va umuman viloyatingizga tashrif buyurishni rejalashtirgan sayyohlarga qanday maslahatlar berasiz? Albatta ko‘rish kerak bo‘lgan joylar qaysilar?


– Mening har doim sayyohlarga beradigan birinchi maslahatim – O‘zbekiston bo‘ylab sayohatni bizning fermaga tashrif buyurishdan boshlang. Bu haqda biz hamkorlik qilayotgan barcha sayyohlik kompaniyalariga aytamiz, bunday kompaniyalar esa bizda ko‘p. Ushbu maskanda siz taomlar, manzaralar va samimiy muloqot orqali mamlakat ruhini his qilasiz. Bu sizda uzoq vaqt saqlanib qoladigan ilk taassurot bo‘ladi.


Keyin – Samarqand, Buxoro, Xivaga yo‘l oling. Bular o‘ylab topib bo‘lmaydigan tarixga ega madaniy durdonalar – O‘zbekiston hayratlanarli! Tabiatga chiqish uchun albatta vaqt ajrating: tog‘lar, daralar, tog‘ etaklari. U yerda sukunat, toza havo, o‘zi uchun o‘zi so‘zlaydigan zamin bor.


Shunday ekan, mening asosiy maslahatim – faqat shaharlar bo‘ylab sayohat qilish bilan cheklanib qolmang. O‘zbekistonni ta’mda, tabiatda, sokinlikda va odamlarda his qilish uchun o‘zingizga imkon bering. Biz esa, ushbu ajoyib mamlakat haqidagi hikoyangizning birinchi sahifasidan joy olishdan mamnun bo‘lamiz. 



Tahririyat maslahati


Agar O‘zbekistonning gastronomik kashfiyotlari sizning sevimli mashg‘ulotingiz bo‘lsa, Centrum Air’ning yangi "Ipak xalqa" loyihasiga e’tibor qarating. Samarqand, Buxoro, Toshkent va Urganch o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar betakror an’analarga ega shaharlarni bog‘laydi va bir necha soat ichida hududlarning o‘ziga xos didini o‘rganish imkonini beradi.