. UZS

blog

Madaniyat18 May, 2026

Ko‘rish mahorati: kadrga uch nigoh, sayohatlar va ilhom

Fotografiya – dunyoga o‘zgacha: yanada diqqat bilan, teranroq va hatto gohida xolisroq nazar tashlash imkoni. U kim uchundir insonni tadqiq etish vositasi bo‘lsa, boshqalar uchun tabiiy landshaftlar yoki ekstremal sayohatlar aksidir. Biz uch nafar fotosuratchi – Gio Kardava, Kirill Umrixin va Ernest Kurtveliyev bilan ular bu kasbga qay tarzda kirib kelgani, kadrda nimalarni izlashlari hamda nima uchun baʼzan shunchaki toʻxtab, lahzadan zavqlanish muhimroq ekani haqida suhbatlashdik.



Gio Kardava – gruziyalik portretchi-fotosuratchi. Uning ishlari GQ, Esquire, Tatler, Harper’s Bazaar, Forbes va boshqa xalqaro nashrlarda chop etiladi. Shuningdek, u YouTube’dagi «Georgiy za kadrom» loyihasining muallifi va boshlovchisi. 16 yildan ortiq vaqtdan beri portret janrida ijod qilib, inson xarakteri va ichki dunyosini fotosurat orqali tadqiq etib keladi.


– Sizni fotografiyaga nima boshlagan va nega aynan shu sohani tanlagansiz?


– Taqdir taqozosi bilan uchinchi kursda universitetdan chetlatildim. O‘qishni tiklashim uchun esa oldimda naq bir yil bor edi. O‘sha paytda qo‘limdan keladigan yagona ish – fotoapparatni olib, suratga olishni boshlash boʻlib tuyulgandi. Qachonlardir bir do‘stim suratga olish bilan shug‘ullanishni maslahat bergandi, men sinab ko‘rdim va bu sohaga butunlay qiziqib qoldim. O‘shandan beri mana 16 yil o‘tdi.



– Nima uchun aynan portret janri?


– Menga odamlar qiziq, ularni o‘rganish, suratlar orqali yangidan kashf etish yoqadi. Ayni shu yo‘l bilan, ya’ni ular bilan muloqot va hamkorlik qilish orqali o‘zim haqimda ham yangi narsalarni bilib olaman.


Chiroyli portret fotosurati olish uchun inson bilan hech bo‘lmasa ozgina ishonch munosabati o‘rnatish kerak. Muloqotsiz buni uddalash juda qiyin. Lekin ba’zan shunchaki vaqt yetishmasligi sababli muloqot o‘rnatish mushkul bo‘lgan holatlar ham uchraydi.


Men uchun fotografiya – ma’lum ma’noda mediator, vositachi va insonga odatdagi ijtimoiy masofadan ko‘ra yaqinroq borish uchun bir sabab.



– Ushbu janrga yo‘l ochgan ilk portretingizni eslay olasizmi?


– To‘g‘rirog‘i, bu ikkinchi marta suratga olishim edi. Uning qahramoni o‘sha paytlari men juda yoqtirgan bir qiz edi. Men juda jonli kadrni – uning go‘zal tabassumi va kadrda kutilmaganda kulib yuborgan lahzasini muhrlashga muvaffaq bo‘lganman. Natijada samimiy, hayotiy fotosurat chiqqandi. Undagi his-tuyg‘ular mutlaqo tabiiy edi.



– Biror insonni suratga olish istagi paydo bo‘lganini qanday his qilasiz?


– Gap shundaki, bu mening kasbim. Ko‘pincha men aynan kimnidir suratga olishni xohlayman-u, kimnidir xohlamayman, deb tanlab o‘tirmayman. Professional sifatida har qanday holatda ham chiroyli portretlar yarata olishimiz kerak. Albatta, ayrim odamlarni suratga olishdan bosh tortish huquqini saqlab qolaman, lekin kasbiy nuqtayi nazaridan natija ko‘rsatishga majburman.


Shaxsiy tanlov mezonlari haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi navbatda yuz tuzilishi va ko‘zlarga e’tibor qarataman. Aftidan, men uchun ko‘zlar muhimroq, chunki ularda insonning butun borlig‘iaks etadi. Shunchaki diqqat bilan boqish va uning ichki dunyosiga biroz nazar tashlash kifoya.


Insonning ko‘zlari qanchalik teran bo‘lsa, u shunchalik boy tajribaga ega bo‘ladi, u bilan ishlash esa yanada qiziqarli. Men o‘z oldimga mana shu tajribani, bu og‘riqni, ichki dramani yuzaga olib chiqish va uni suratlarda ko‘rsatish vazifasini qo‘yaman.



– Portret orqali qahramoningiz haqida biror odatiy narsani bilib olgan paytlaringiz bo‘lganmi?


– Men uchun fakt emas, mohiyat, yaʼni kishining ichki dunyosi qanday ekani, unga qanday yondashish kerakligini tushunish muhimroq. Men tarjimayi holi unchalik yaxshi bo‘lmagan odamlarni ham suratga olganman. Bunday insonlarni suratga olish ham qiziq, chunki odatda ular ziddiyatli va murakkab shaxslardir.


Hech qachon zimmamga hakam vazifasini olmayman. Asosiysi – insonning shaxsi va qalbining men ilg‘ay olgan kichik bir qismini imkon qadar xolis yetkazishdir.



– Sevimli suratlaringiz bormi?


– Har bir suratga olish jarayoni texnik, psixologik va hissiy jihatdan ta’sirli bo‘lishiga harakat qilaman. Bu bir xillikdan qochishga va har bir ishga yangicha nigoh bilan yondashishga imkon beradi. Ammo biror aniq narsani ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, bu loyihalar emas, balki alohida portretlar deya olaman. Ko‘pincha ular taniqli shaxslar emas, balki Yevropa ko‘chalari yoki Markaziy Osiyo bozorlarida uchragan tasodifiy o‘tkinchilardir. Ba’zan shunday birgina kadr yirik buyurtmadan ko‘ra ko‘proq narsa beradi.



– Qaysi loyihangiz auditoriyada o‘zgacha aks-sado bergan?


– Eng keyingilaridan Centrum Travel jurnali uchun birinchi ayol uchuvchi Syusan Mamedova bilan qilgan suratlarimizni ayta olaman. Ushbu ishga boʻlgan munosabat bizni juda hayratlantirdi. Ham suratga olish jarayoni, ham qahramonning portretlari juda iliq kutib olindi. Ayol uchuvchi g‘oyasi esa, «women empowerment» konsepsiyasi davrida katta rezonans berdi.


Shuningdek, bolalar, kasalliklar, imkoniyati cheklangan insonlar bilan bog‘liq ijtimoiy loyihalarimga odamlarning e’tibori ortib borayotgani ham quvontiradi. Men uchun buning ahamiyati juda katta.



– Ishni amalga oshirish yoki suratga olish jarayonida yengib bo‘lmaydigan to‘siqlar bo‘lganmi?


– Faqat bir narsani – hayotdan ko‘z yumgan odamlarga yetishib bo‘lmaydi, deb aytishim mumkin. Qolgan barcha narsani yengib o‘tsa bo‘ladi, bu faqat vaqt masalasi.


Biroq, ora-sirada turli sabablarga ko‘ra suratga olishdan bosh tortishimga to‘g‘ri keladi. Ba’zan odamlar menga yoki umuman kasbimga nisbatan o‘zini noo‘rin yoxud hurmatsizlarcha tutishi mumkin. Ko‘pincha suratga olish ishlariga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lishmaydi: qadrsizlantirishadi, bunday «oson ish» katta pul turmasligi kerak, deb hisoblashadi. Yaxshiyamki, so‘nggi yillarda bunday kimsalar kamroq uchrayapti, aynan men bilan ishlash istagi boʻlganlar esa tobora ko‘paymoqda.



– Siz tez-tez sayohat qilib turasiz. Safarlar chog‘ida biror narsani suratga olish yoki portret ishlash uchun ilhom keladimi?


– Men haqiqatan ham har oyda biror yangi mamlakatga borib qolaman – o‘ziga xos ko‘chmanchi fotosuratchiman. Albatta, ilhom keladi. Sayohatlarga ko‘pincha aynan ilhom izlab yo‘l olaman. U doim atrofimizda, ayniqsa, yangi manzillarda, shaharlarda va insonlar siymosida mujassam bo‘ladi. Agar qalbingiz ochiq, nigohingiz o‘tkir bo‘lsa, uni topmaslikning iloji yo‘q.



– Sayohatlarda sizni ko‘proq nima jalb qiladi?


– Odamlar. Har bir inson – o‘ziga xos bir olam, bu tuganmas ilhom manbai. Qolaversa, turli mamlakatlarda bu manba ham turlicha bo‘ladi. Turli chehralar, har xil ichki dunyolar va ularning har biriga o‘zgacha yondashuv kerak. Doim o‘zgacha biror nimani ilg‘ab olish maroqli. Odamlarni Marokash, Ispaniya yoki Germaniyada suratga olish bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Bu doim turlicha kechadi.

Kelasi hafta Turkiyaga, Suriya chegarasiga yaqinroq hududga uchib ketyapman. Qanday ajoyib materiallar ishlashimni, qanaqa insonlarni uchratishimni hozirdanoq tasavvur qilib hayajonlanyapman. U yerda muhit, madaniyat, tarix, kiyimlar, chehralar, his-tuyg‘ular, hatto ob-havo ham butunlay o‘zgacha. Men oʻz ishimda aynan shu xilma-xillikni izlayman.



– Fotosuratchi uchun shaharni nima o‘zgacha qiladi?


– Buni Marokashdagi Tanjer shahri misolida aytib bera olaman. U Gibraltar bo‘g‘ozi sohilida joylashgan bo‘lib, undan Ispaniya ko‘rinib turadi. Bu bir necha madaniy qatlamni o‘zida mujassam etgan serqirra joy. Shahar qachonlardir portugallar, ispanlar, arablar va hatto fransuzlar tasarrufida bo‘lgan. Xalqlar, sivilizatsiyalar va davrlarning barchasi unga o‘z tamg‘asini bosib, bir-biriga qo‘shilib, kuzatishda zavq bag‘ishlaydigan mozaikani hosil qilgan.


Ayniqsa, dengiz bo‘yidagi shaharlarni yoqtiraman, chunki dengiz bo‘yida ulg‘aygan odamlarning terisining rangi, tuzilishi butunlay boshqacha bo‘ladi.



– Sayohatlarda hordiq chiqarasizmi? Sevimli go‘shalaringiz yoki «kuch-quvvat beradigan maskanlaringiz» bormi?


– Sayohatlar men uchun hamisha qo‘lda fotoapparat bilan kezish demakdir. Men suratga olishni hayotdan ayro tasavvur qilmayman. Fotografiyani na ish, na shunchaki ta’tilda olingan oddiy surat sifatida qabul qilaman.


Maskan haqida gapiradigan bo‘lsak, so‘nggi paytlarda bu – Parij. Menga bu shaharning tartibsizligi va undagi noaniqliklar yoqadi. Balki shuning uchundir, kuniga 25-30 kilometr piyoda yurib qo'yganimni o‘zim ham sezmay qolaman. Shunchaki maqsadsiz sayr qilib, yo‘l-yo‘lakay suratlarimda muhrlanib qoladigan qiziqarli insonlarni uchratishim mumkin.



– Portret suratga olishda ko‘zlardan tashqari yana nimalarga alohida e’tibor berasiz?


– Menimcha, barcha jihatlar muhim, lekin men uchun eng asosiysi – yuzning betakror teksturasi. O‘tgan yili yozda Gruziyada vitiligo kasalligiga chalingan bir kishini suratga olgandim: yaqqol ko‘rinib turadigan pigment dog‘lari uning yuzida murakkab naqshlarni hosil qilgan. Insonning o‘zi uchun vitiligo kamdan-kam hollarda chiroyli ko‘rinadi, ular har doim ham suratga tushishdan mamnun boʻlishmaydi va umuman olganda, ko‘pincha suratga tushishdan uyalishadi. Shunday bo‘lsa-da, men buni yaratganning o‘ziga xos qiyinchilik va oqibatlari boʻlgan in’omi deb bilaman.


Dubayda ikki albinosni uchratdim: qiz suratga tushishdan bosh tortdi-yu, lekin yigitni biroz tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldim. Marokashda esa qora tanli albinosni ko‘rdim – bu yanada noyob holatdek tuyuldi. Yaqinda yuzida chandiqlari bor qizni suratga oldim, bu ham men go‘zallik topadigan bir belgi. Men boshqalar nuqson deb bilgan narsada go‘zallik topishni yoqtiraman va buni suratlarimda muhrlashga imkon bergan insonlardan minnatdorman.



Kirill Umrixin – sport va travel-fotosuratchi, Nikon, Manfrotto hamda SanDisk brendlarining ambassadori. Deyarli 20 yildan buyon dunyo bo‘ylab ekstremal sport turlari, ekspeditsiya va sayohatlarni suratga olish bilan shug‘ullanadi.Uning ishlari xalqaro nashrlarda chop etilgan, mijozlari orasida esa Apple, Red Bull, Nike, Adidas va boshqa yirik brendlar bor.


– Sizni fotografiyaga nima yetaklab kelgan?


– Bu – biror narsa yaratish, lahzani muhrlashga bo‘lgan ishtiyoq va istak edi. Maktab davrida rassom, dizayner yoki me’mor bo‘lishni orzu qilardim, lekin o‘qishga kirish paytida bu men uchun juda murakkabligini tushunib yetganman. Fotografiyada esa hammasi boshqacha: tugmani bosasiz va darhol natijaga erishasiz.


Bu tanlovim ramziy ma’noda bobomning kasbi bilan ham bog‘liq: u butun umr Moskva yaqinidagiKrasnogorsk shahrida joylashgan, butun Ittifoqqa mashhur «Zenit» kameralari ishlab chiqarilgan KMZ zavodida ishlagan. Bobom mendagi fotografiyaga bo‘lgan muhabbatni ko‘rib, ilk kameramni sovg‘a qilgan edi. O‘shanda maktab hayotidan reportajlar tayyorlay boshladim va bu mening kelajakdagi kasbim bo‘lishini darhol tushundim.


Obyektivimda ko‘rmoqchi bo‘lgan narsalarni ham darhol anglab yetganman: sayohatlar va sport. Bolaligimdan otam bilan tog‘larga borardik: chodirlar, snoubordlar va men – fotoapparatim bilan. Shu tarzda, fotografiyaga bo‘lgan mehrim sarguzashtlar va ekstremal sport turlariga bo‘lgan qiziqishim bilan uyg‘unlashib ketdi. Onam doim: «Inson o‘zi sevgan ishi bilan shug‘ullanishi kerak», der edi. Buni anglab yetganimdan so‘ng, fotosuratchi bo‘lishga ahd qildim.



– Sizga ko‘proq yolg‘iz sayohat qilish yoqadimi yoki hamrohlar bilanmi?


– Ba’zan biror joyga yolg‘iz borishim mumkin. Oxirgi shunday safarim Kaliforniyadagi Joshua-Tree milliy bog‘ida super oyni suratga olish bo‘lgan. Bu – tungi osmonni kuzatish mumkin boʻlgan eng go‘zal joylardan biri. Lekin bunday sayohatlar kamdan-kam bo‘ladi, negaki men ko‘proq jamoa bilan sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Agar gap sport haqida ketsa, bu albatta jamoaviy bo‘lishi kerak. So‘nggi o‘n yilda sayohatlarim ikki turga bo‘linadi: bular yo ish yuzasidan — yaxtalardagi ekspeditsiyalar bo‘lib, u yerda men timlider sifatida ham qatnashaman, yoki tog‘larda reklamani suratga olish jarayonlari.


Ikkinchi turi – rafiqam bilan sayohatlar. U professional atlet va vindsyorfer, yiliga bir necha marta u mashg‘ulot o‘tkazishi, men esa suratga olishim uchun butun oilamiz bilan okeanga borib turamiz. Odatda bu Mavrikiy, JAR yoki Misr bo‘ladi.



– Qaysi sayohatingiz eng hayratlanarli bo‘lgan?


– Nazarimda, eng yaxshi safar bu – yaqindagina yakunlangani, chunki undan olgan taassurotlaringiz hali yangi bo‘ladi. Bu yil sayohat qila boshlaganimga 20 yil to‘ldi. Shu vaqt mobaynida biror oy sayohatsiz o‘tganini deyarli eslay olmayman. Bunday tajribaga ega bo‘lgach, doim bir tanlov qarshisida turasan: avval yoqqan joylarga qaytishmi yoki yangi manzillarni kashf etishmi?


Lekin, shubhasiz, Antarktidaga uyushtirilgan ekspeditsiya bir umr yodimda qoladi. Men u yerda uch marta bo‘lganman va uni sayyoramizdagi eng go‘zal hamda betakror joylardan biri, ayniqsa, suratga olish nuqtayi nazaridan, beqiyos deb bilaman. U yerda o‘zingni koinotga va boshqa sayyoralarga Yer yuzidagi har qanday joydan ko‘ra yaqinroq his qilishing mumkin.



– Siz doim tanlov borligini aytdingiz: ya’ni o‘zingizga yoqqan, tanish joyga qaytish yoki yangi manzilga borish. Avval bo‘lgan joyingizga qaytib, u yerning yangi qirralarini kashf qilgan paytlaringiz bo‘lganmi?


– Hatto bitta joyga qayta sayohat qilish ham hamisha turlicha kechadi, bunga hech bo‘lmaganda qiziquvchanlik sabab bo‘ladi. Bunda fotografiya katta yordam beradi: siz makonni o‘rganishda davom etasiz, yangi lokatsiyalar va noodatiy rakurslar qidirasiz.


Mening holatimda bunga Misr yaxshi misol bo‘la oladi. Biz u yerga vindsyorfing uchish uchun ko‘p borardik. Sinay qo‘ltig‘i sohilidagi Dahab qishlog‘i – shamol bilan bog‘liq sport turlari, shuningdek, dayving va fridayving uchun haqiqiy «makka» hisoblanadi.


Kovidning birinchi to‘lqini paytida samolyotlar parvozi to‘xtagani sababli biz u yerda naq yarim yil qolib ketdik. Bungacha u yerga shunchaki dam olish uchun kelib yurardim va uni hayot kechirish uchun maqbul joy deb hisoblamasdim. Ammo u yerda yarim yil yashagach, uni butunlay va so‘zsiz yoqtirib qoldim. Dahab xuddi o‘z uyingdek – istalgan vaqt qaytib, o‘zingni o‘z o‘rningda his qiladigan qadrdon bir makonga aylandi.



– Yarim yil ichida u yerda aynan nimalarni ko‘rishga, his qilishga, kashf etishga muvaffaq bo‘ldingiz?


– Bu sharq mamlakati, arab dunyosi. Dastlab shuni aytish kerakki, u yerda kechalari minoralardan azon ovozi eshitiladi. Avvaliga bu men uchun noodatiy edi, doim uyg‘onib ketardim. Keyin esa ko‘nikib ketar ekansan, hatto azonda nima aytilayotgani ham qiziq tuyula boshlarkan.


Mahalliy aholining katta qismi inglizcha gapirmaydi. Ularni tushunish, hech bo‘lmaganda tushunishga harakat qilish uchun ba’zi arabcha so‘zlarni o‘rgana boshlaysiz. Mentalitet borasida ham xuddi shunday. Biz odamlar – taksi haydovchilari, bozordagi sotuvchilar bilan muloqot qilishga harakat qildik. Bora-bora ular sizga juda ham yaqin bo‘lib qolishadi.


Sinay sahrosidagi tog‘larni yangidan kashf qila boshladim, endi mazkur hududga qoyalarga chiqish bilan shug‘ullanish uchun boryapmiz. Shu tariqa yangi mashg‘ulotimiz paydo bo‘ldi, bu esa butun boshli bir olam. Albatta, maskanning tarixi juda boy. Sivilizatsiya beshigi hisoblangan ushbu yerda ming yillar davomida Muqaddas Yekaterina monastiri qurilishidan tortib sahrodagi qadimiy dolmenlargacha boʻlgan ko‘plab voqealar yuz bergan. Bularning bari kishini o‘ziga maftun etmay qolmaydi.



– Siz ayniqsa intizorlik bilan kutadigan yo‘nalish yoki manzillar bormi?


– Lotin Amerikasini – Meksika, Chili, Peruni chuqurroq o‘rganishni juda istardim. Shubhasiz, bu joylar fotosuratchi uchun g‘oyat qiziqarli hududlar.


Osiyoda, ayniqsa, Markaziy Osiyoda kam bo‘lganman. Bu yerlar men uchun hamon sirli: ham insonlari, ham muhrlashni istaganim – kengliklari bilan meni o‘ziga tortadi. Ammo har bir safar uchun biror g‘oya topish kerak – shunchaki sayyoh sifatida ommabop manzillarga borgim kelmaydi. Ishonchim komilki, har bir mamlakat o‘zida noyob bir narsani asraydi. O‘ylaymanki, har bir joy, obyekt va insonning kamida bitta mukammal rakursi bor. Men esa fotosuratchi sifatida doim ana shu rakursni topishga harakat qilaman.



– Ayting-chi, sir bo‘lmasa, sayohatga o‘zingiz bilan odatda nima olasiz? Albatta, fotoapparatdan tashqari.


– Mening narsalarim to‘plami deyarli har doim ob-havoga mos oddiy kiyimlardan iborat bo‘ladi. Nazarimda, agar kishiga issiq va qulay bo‘lsa, suratlari ham yaxshi chiqadi. Axir, sovuq qotganingda yoki oftobda qizib ketganingda suratga olish qiyin.


Umuman olganda, menda kichik bir sayohat odati bor: har bir sayohat yakunida chamadonimni bo‘shatayotganimda, unda eng ko‘p joyni egallagan, lekin butun safar davomida biror marta ham kerak bo‘lmagan biror buyumni topaman. Har safar buni xayolimda qayd etaman va vaqt o‘tishi bilan bunday tasodifiy topilmalardan keraksiz buyumlarning butun boshli «paradi» hosil bo‘ladi.


Uzoq vaqtga ketayotganda, o‘zing bilan qandaydir «langar» olishni xohlashing mumkin. Ammo men uchun mana 20 yildirki, butun dunyo – doimiy safarlar demakdir. Oxirgi to‘rt yil esa ko‘chib yurishlar bilan o‘tdi: avval Portugaliyaga, keyin esa AQSHga. Agar qayerda bo‘lsam ham o‘zimni uydagidek his qilishim uchun nimalarni olishim haqida gapirsak – bu mening oilamdir. Buyumlardan esa – hatto, raqamli ko‘rinishda bo‘lsa ham fotosuratlar bo‘lsin.



– Sayohatlaringizda yengib bo‘lmas to‘siqlarga duch kelganmisiz? Chetlab o‘tishga, biror yechim topishga, biror chora qidirishga to‘g‘ri kelgan vaziyatlar bo‘lganmi?


– Juda ko‘p. Ekstremal landshaftlar – tog‘lar yoki okeanda ishlash har doim kutilmagan vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Bor tajribani ishga solib, ularga tayyor turish kerak.


Bir safar Mavrikiyda cho‘kayotgan odamni qutqarishimizga to‘g‘ri keldi. Uni oqim olib ketgandi, agar yaqin atrofda hech kim bo‘lmaganida, uni riflarga urib yuborgan bo‘lardi. Biz sayyohni qayiqqa chiqarib oldik, lekin o‘zimiz ham halokatga uchrashimizga sal qoldi. Adashmasam, bu 14-avgustda bo‘lgandi. O‘shanda operator dugonam ham jiddiy jarohat olgan edi. Ana shu mudhish kundan beri ikkinchi tug‘ilgan kunimizni nishonlaymiz va bilamizki, kamida bitta omadsiz fransiyalik sayyohni qutqarganmiz.


Antarktidada Dreyk bo‘g‘ozidan o‘tayotganimizda kechasi birdaniga ikkita yelkanimiz yirtilib ketdi – shamol shiddati soatiga ikki yuz kilometrdan oshib ketgandi. Baron Myunxauzen biror narsani nima bilan isbotlay olishi haqidagi savolga javoban aytganidek: «Men hali ham tirikman, demak, voqea davom etadi».



– Ekstrim hissiyotlar oʻzingizni fotosuratchi sifatida namoyon etishingizga qay tarzda yordam beradi va qanday ahamiyatga ega?


– Ekstremal holatda his-tuyg‘ularni jilovlab turish juda muhim – qo‘rquv yoki haddan tashqari berilib ketish kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Ekstremal sport bilan shug‘ullanmaydiganlar uchun bu shunchaki bir telbalikdek tuyuladi, professional darajada esa har bir qadam puxta o‘ylangan bo‘ladi. Har bir harakat ortida bir nechta reja va chekinish yo‘llari turadi. Bu xavfsizlikni nazorat qiluvchi jamoa, tog‘lardagi ko‘chki tayyorgarligi, okeanni – uning oqimlari va to‘lqinlarini bilish, suvdagi imkoniyatlarni anglash hamda ob-havo ma’lumotlarini doimiy o‘rganishdir. Yaxting tufayli men hozirgacha deyarli har kuni shunchaki shamol qayerdan va qanday esayotganini ko‘rish uchun ob-havo ma’lumotini koʻraman.


Vaqt o‘tishi bilan hissiyotlar so‘nadi, lekin keyinchalik bu tajriba bilan bo‘lishish juda maroqli, chunki ekshn-sport, tog‘lar va okean o‘z jozibasi bilanoq insonga zavq bag‘ishlaydi. Eng muhimi, ular odamlarni nimanidir o‘zgartirishga: sport bilan shug‘ullanishga, tabiatni asrashga undaydi.


Masalan, biz kitlar bilan suratga tushganmiz – rafiqam ular bilan suv ostida suzgan. Insoniyat yovvoyi tabiatga qanday ta’sir ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratish uchun men ushbu suratlardan foydalandim. Biz bu sayyorada yovvoyi hayvonlar bilan yonma-yon yashaymiz va ular bilan qanday to‘g‘ri munosabatda bo‘lish (va umuman munosabatda bo‘lish kerakmi-yo‘qmi) lozimligini anglash muhim. Fotosurat orqali men buni ko‘rsatishga, tushuntirishga va hatto o‘zim ham yaxshiroq anglashga harakat qilaman.


O‘z ishlarimda shunchaki chiroyli suratnigina emas, balki biror g‘oya va storitellingni ko‘rishni xohlayman. Ba’zi kadrlar shundoq ham ta’sirli ko‘rinadi, bu albatta yaxshi, lekin boshqalari kontekst va mazmun talab qiladi. Menga fotojurnalist ishi – hikoya qilish uslubi yaqinroq, chunki u orqali nimanidir o‘zgartirish mumkin deb umid qilaman.



– Odamlar suratlaringiz ularga qanday ta’sir qilgani haqida so‘zlab bergan holatlar bo‘lganmi? Izohlardami yoki yuzma-yuz suhbatdami?


– Bir kuni Los-Anjelesda, shahardan qariyb yuz kilometr uzoqlikdagi spotda – ya’ni okeanning syorfing uchun mo‘ljallangan joyida yonimga bir yigit suzib kelib, meni tanib qolganini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, u hali maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq men olgan suratlar va sayohatlarim haqidagi videolarimni ko‘rgan ekan. Ular yigitga shu qadar kuchli ta’sir qilganidan, avval fotosuratchi bo‘lishga qaror qilibdi, keyinroq esa u ham AQShga ko‘chib o‘tibdi. Bu so‘zlarni eshitish men uchun juda muhim va yoqimli edi.


Boshqa bir voqea ham bo‘lgan. Kamchatkada ekologik halokat yuz berganida, men bunga jamoatchilik e’tiborini tortishga harakat qilganman. Ba’zan munosabat ijobiy ruhda bo‘ladi – odamlar minnatdorchilik bildirishadi. Lekin boshqacha ham bo‘lib turadi: kimdir sizda qandaydir g‘arazli maqsad bor, deb hisoblaydi.


Shunday bo‘lsa-da, eng muhimi – muallif sifatida seni qanday motivlar harakatga keltirishi. Men esa dunyoni hech bo‘lmaganda biroz bo‘lsa-da, yaxshiroq qilishni maqsad qilganman.



– Qo‘rquv sizga xalaqit beradimi yoki, aksincha, yordam beradimi? U ishingizga qanday ta’sir qiladi?


– Juda katta yordam beradi. Qo‘rquv – bu o'z-o‘zini asrash instinkti, tabiatimizga singdirilgan tuyg‘u. U bizni jismoniy va ruhiy shikastlar hamda xavf-xatarlardan himoya qiladi. Asosiy masala – siz u bilan ishlay olasizmi yoki yo‘qmi, shunda. Uni yordam beradigan qilib ham, ziyon yetkazadigan qilib ham «sozlash» mumkin.


Masalan, uyimiz yaqinida juda go‘zal bir maskan – Palos Verdes degan kichik dengiz qo‘riqxonasi bor. Qirg‘oq yaqinida, suv ostida xuddi o‘rmonlar kabi haqiqiy jungli o‘sadigan joylar bor. U yerda suzish ancha noqulay. Birinchidan, u yerda akulalar uchraydi. Ular odamlarga hujum qilmaydi, lekin yoningizda akulani ko‘rsangiz, baribir vahimaga tushasiz. Ikkinchidan, bu «jungli»lar ichida o'ralashib qolish hech gap emas: to‘lqinlar suv o‘tlarini tebratadi va go‘yo sizni dengiz tubiga tortib ketayotgandek tuyuladi. Shunda qo‘rquv bilan ishlashni, uni jilovlashni o‘rganasiz va sekin-asta tajribangiz ortadi.


Fridayvingda ham xuddi shunday. Chuqurlikka sho‘ng‘iganingizda, avvaliga vahimaga tushasiz, axir suv ostida bo‘lish, nafas olmaslik insonga xos emas. Bu yerda ham ichki qarshilik va qo‘rquv bilan ishlash kerak: tinchlanish, quvvat va kislorodni tejash, tanangizning reaksiyalarini hamda atrofingizdagi suvosti olamini kuzatish lozim.



– Hech qo‘rquv g‘olib kelgan yoki vaziyat hatto juda zo‘r chiqishi mumkin bo‘lgan kadrni suratga olishdan voz kechishga majbur qilgan paytlar bo‘lganmi?


– Albatta, bunday holatlar ko‘p bo‘lgan. Masalan, men jarlik yoki qoya yoqasida turib suratga olishni yoqtirmayman. Bunday vaziyatda qo‘rquv juda to‘g‘ri ishlaydi. Tanlov oddiy: ko‘plab layk yig‘adigan shov-shuvli kadr olish yoki sirpanib ketib, pastga qulash xavfi. Ko‘pincha shunday manzaraga qarab turib, tushunaman: yo‘q, bu surat buncha tavakkal qilishga arzimaydi.


Meni Rossiyaning birinchi raqamli ekstremal blogeri deb atashardi – bu hali LiveJournal davrlari edi. Lekin men o‘zimni bunday hisoblamayman. Men biror ishga qo‘l urishdan oldin yuz marta o‘ylab ko‘radigan odamman. Faoliyatimizda fojiali hodisalar ham bo‘lgan: odamlar halok bo‘lishi, og‘ir jarohatlar. Bu tajribadan shuni angladimki, hech bir kadr inson hayoti yoki sog‘lig‘idan ustun emas. Tavakkal faqatgina puxta o‘ylangan va nazorat ostida bo‘lishi kerak.



– Sayohatlar va suratga olish jarayoni o‘rtasidaqanday mushtaraklik bor?


– Izlanish. Suratga olish orqali inson o‘zini izlaydi, chunki har bir surat – muallifning dunyoga bo‘lgan shaxsiy qarashi orqali o‘zining aks etishidir. Sayohatlar ham xuddi shunday: biz nafaqat yangi joylarni kashf etamiz, balki shaxs sifatida yuksalib, o‘zimiz haqimizda nimalarnidir bilib olamiz.


XXI asrdagi eng katta qadriyatlardan biri bu – sayohat qilish imkoniyati. Safarlar orqali biz o‘zimiz o‘rgangan muhitga butunlay zid bo‘lgan joylarga boramiz va yurtimizda hech qachon uchratmasligimiz mumkin boʻlgan insonlar bilan tanishamiz.



– Ijodingizda ortga qaytib bo‘lmaydigan, hamma narsani tubdan o‘zgartirib yuborgan nuqta bo‘lganmi?


– Men doim o‘zimni yo‘l boshida deb hisoblayman. Qandaydir natijalar yoki yutuqlarni hisoblamayman. Ba’zan to‘xtab, foto tanlovlardagi g‘alabalar, jurnallarning muqovalari va shunga o‘xshash narsalarga nazar tashlash mumkin. Lekin fotoapparatni qo‘limga olganimda, aslida hech narsani bilmayman va buni suratga olish orqali o‘rganishni istayman, degan fikrda bo‘lishga harakat qilaman. Shuning uchun, o‘sha ortga qaytib bo‘lmas nuqta hali oldinda deb umid qilaman.


Samolyotdagi ilk parvozim men uchun burilish nuqtasi bo‘lgan. Men oligarxlar oilasidan emasman va birinchi marta 18 yoshimda uchganman, bu snoubording jurnali uchun qilingan ish safari edi. Fotografiya tufayli sayohat qilishim, dunyo kezishim va odamlar bilan tanishishim mumkinligini tushunganimda, bu – dunyodagi eng yaxshi kasb ekanini anglab yetdim.


Hozirda ba’zan xalqaro maktablarda dars beraman, Lissabonda yuqori sinf o‘quvchilariga ma’ruzalar o‘qiyman. Ma’ruzalarimdan biri «Fotografiya – barcha eshiklarni ochuvchi vosita» deb nomlanadi. Fotografiya men uchun odamlar, yangi joylar va imkoniyatlar eshiklarini ocha boshlagach, boshqa hech narsa bilan shug‘ullanishni istamasligimni angladim.



– O‘zgamadaniyat vakillaridan o‘zlashtirgan biror hikmat yoki tajribangiz bormi?


– Yangi joyga borganimda, doim mahalliy taomlardan hech bo‘lmaganda birini tayyorlab ko‘rishga harakat qilaman va o‘xshasa, retseptini o‘zim bilan olib kelaman.


Yana Mavrikiy haqida gapirmoqchiman. Biz doim bitta uyda, avlodi baliqchi bo‘lgan kreol Lal ismli kishining uyida yashardik. Garchi orolda hinduizm keng tarqalgan bo‘lsa-da, Lal unchalik dindor emas, biroq karmaga qattiq ishonardi. Har kuni ertalab rafiqam ikkimiz uni qahva va nonushta bilan mehmon qilar edik, u esa bizni guruch va karri bilan siylardi. Kechki taomlar shu qadar mazali ediki, men undan bular qanday tayyorlanishini so‘radim.


Menga ovqat pishirishni uning sevgilisi o‘rgatgan, men esa «selyodka pod shuboy» qandaytayyorlanishini ko‘rsatganman. Bu o‘zaro almashinuv, samimiyat –shunchaki bir insonni xursand qilish uchun yaxshilik qilish meni dunyoga boshqacha nazar bilan qarashga o‘rgatdi. Ko‘plab madaniyatlarda uchraydigan karma tushunchasi ongimga o‘sha sayohatda kirib kelgan va haligacha evaziga hech narsa kutmasdan yaxshilik qilishni muhim deb hisoblayman.


Inson va fotosuratchi sifatidagi maqsadim – bu dunyoni biroz bo‘lsa-da yaxshiroq qilish. Amerikadagi milliy bog‘larning shunday konsepsiyasi bor: Leave nothing except traces – «Ortingdan izdan boshqa hech narsa qoldirma». Men buni yanada kengroq tushunaman: shunchaki yomonlik qilmaslik emas, balki dunyoni yaxshiroq qiladigan izlar qoldirish muhim.

Sevimli ishingiz bilan shug‘ullaning, suratga oling, tabiatni va atrofingizdagi insonlarni asrang, sayohat qiling. Bu bizga berilgan eng asosiy qadriyatlardan biridir. Bugungi kunda sayohat qilish shu qadar qulayki, biz ba’zan buning qanday ne’mat ekanini anglab ham yetmaymiz.



Ernest Kurtveliyev – portret va reportajdan tortib, peyzaj va hujjatli suratkashlikkacha bo‘lgan turli janrlarda ijod qiladigan o‘zbekistonlik serqirra fotosuratchi. 2025-yilda Parijda o‘tkazilgan «Regards sur l’Asie Centrale» («Markaziy Osiyoga nigoh») ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakili bo‘lgan.


– Sizni bu sohaga nima yetaklagan va bu qanday yuz bergan?


– Bolaligimda na fotosuratchi, na bu kasbga yaqin biror kimsa bo‘lishni rejalashtirmaganman. Biolog, zoolog, ornitolog bo‘lmoqchi edim. Shuningdek, texnikaga ham juda qiziqardim, hatto avtomexanik kasbi haqida ham o‘ylaganman. Keyinchalik tasodifan sozanda bo‘lib qoldim, bunga 15 yildan ortiq vaqtimni bag‘ishladim, lekin oxir-oqibat baribir fotografiyaga keldim.


Sinfdoshimning fotoapparati bor edi. Uni maktabga olib kelardi va biz birga sho‘xlik qilib, suratga tushardik. O‘shanda bu narsa meni biroz o‘ziga tortgan – unchalik kuchli bo‘lmasa-da, qiziqish paydo bo‘lgandi. Garchi ota-onam o‘qishdan orqada qolasan deb bu bilan shug‘ullanishimni taqiqlagan bo‘lsalar-da, fotografiyani o‘zimga xobbi qilib tanladim.



– Birinchi peyzajingiz qanday yaratilgan va nima uchun aynan shu janrda ijod qilishda davom etyapsiz?


– Ish tajribam ancha katta, kasbiy faoliyatimning turli davrlarida har xil ijodiy bosqichlardan o‘tganman. Faoliyatimni yangiliklar suratkashi sifatida boshlab, reportajlar tayyorlaganman, oq-qora plyonkalar bilan ishlaganman: plyonkaga ishlov berish, suratlarni qogʻozga bosish – hammasi qo‘lda bajarilardi. Keyinroq moda sohasi jurnallari bilan ishlay boshladim: ko‘plab portfoliolar, feshn, glamur, moda namoyishlarini suratga olganman.


Taxminan 11 yil davomida yorqin jurnallardan biri – «Bella Terra»da bosh fotosuratchi bo‘lib ishladim. Nashriyotimiz to‘rtta jurnal chiqarar edi, shu sababli bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda ish olib borilardi. Xalat, niqob va baxilada yurak operatsiyalarini suratga olishdan tortib, zargarlik buyumlarigacha boʻlgan juda keng doiradagi narsalarni tasvirga olishga to‘g‘ri kelgan. Predmet fotografi, fud-fotograf sifatida ishlaganman, feshn, portretlar, reportajlar – xullas, deyarli hamma narsani suratga olganman.


So‘nggi yillarda ijodimda meni o‘ziga ko‘proq tortadigan yo‘nalish – peyzajlar ko‘paydi. Umuman olganda, menga tabiiylik bilan bog‘liq hamma narsa yaqin: tabiat, hayvonlar, peyzajlar va, albatta, reportaj.


Surat olishga bo‘lgan ilk urinishlarim ham aynan peyzaj va natyurmortlar bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘shanda oq-qora plyonkaga suratga olardim – bu 90-yillar, balki undan ham avvalroq. Ko‘plab hamkasblarimdan farqli o‘laroq, men fotografiyaga mutlaqo noldan kirib kelganman. Menga biror narsani o‘rgatadigan yoki yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan na do‘stlarim, na qarindoshlarim, na tanishlarim bor edi. Butun tajribam, ayniqsa, boshida deyarli sinov va xatolar usuli bilan orttirilgan. Hatto plyonkani ochayotganimda ham avvaliga uni qorong‘ida taxlash va qorong‘i xonada ochish kerakligini tushunmaganman. Men uni ochardim, chiqarib ko‘rardim, keyin yana davom ettirardim va shu tariqa o‘rganganman.


Ko‘p ko‘nikmalarimni shunchaki jurnallardagi suratlarni tomosha qilib rivojlantirganman. Ko‘zlardagi jilolar, soyalarga qarab, qanday yoritish vositalaridan foydalanilgani, chiroqlar qaysi tarafdan qo‘yilgani, kadrda qanday dinamika borligini anglashga harakat qilardim.


Hatto ancha tajribali fotografga aylanganimda ham na ustozim, na shogirdim bo‘lgan. U paytlarda na YouTube, na o‘z ustida ishlashning boshqa qulay usullari bor edi. Bor-yo‘g‘i – ijod haqida juda kam so‘z yuritilgan sovet davri akademik kitoblari edi. Ba’zida xorijiy nashrlarning tarjimalari uchrab qolardi, lekin ular juda oz bo‘lib, men ularni boshdan-oyoq o‘qib chiqardim.



– Yillar o‘tgani sayin peyzajni idrok etishingiz qanday o‘zgardi? Bu tabiatni ilk bor ko‘rgan paytlaringizdagidan farq qiladimi?


– Jiddiy o‘zgargan yagona narsa bu –texnika. Hozir bu yoʻnalishda ishlash ancha osonlashdi: yovvoyi tabiatni suratga olish imkonini beradigan obyektivlar ko‘paydi, kameralar takomillashdi. Ammo tamoyilning o‘zi deyarli o‘zgarmadi. Klassik peyzaj baribir insonning ong osti idrokiga tayanadi. Tomoshabin fotografiyaning nozik jihatlarini tushunmasligi mumkin, biroq peyzaj his-tuyg‘ular darajasida yo unga yoqadi yoki yoʻq. Klassik fotografiya aynan shu narsaga tayangan: u chuqur tahlilni talab qilmaydi – tasvir odamga yo yoqadi, yo yoqmaydi.


Albatta, didi baland tomoshabinga murakkabroq syujetlar qiziq: shunchaki quyosh botishi yoki oftobning o‘zi emas, balki, masalan, kadrdagi harakat, dinamika, muayyan bir g‘oya. Lekin baribir mening peyzajni idrok etishim tubdan o‘zgargani yo‘q.



– Demak, obyektiv orqali qaraganda atrof-muhitni idrok etishingiz o‘zgarar ekanda?


– Ha. Lekin aynan obyektiv orqali qarash ham shart emas. Kadrni aniqlab olmoqchi bo‘lganingizda, istiqbolga sinchiklabroq qaray boshlaysiz, odatda e’tibor bermaydigan jihatlarni ilg‘aysiz. Peyzajga shunchaki qarab o‘tib ketish ham mumkin, lekin uni suratga olmoqchi bo‘lsangiz, bulutlarni, yorug‘lik harakatini, kompozitsiyani kuzata boshlaysiz va miya biroz boshqacharoq ishlashga tushadi. Mavzuga teranroq kirib borasiz, ko‘proq o‘rganasiz, har qanday bilim esa hayotni yanada qiziqarli qiladi.



– Siz uchun fotografiya ko‘proq kuzatishmi yoki muloqotmi?


– Nazarimda, ko‘proq kuzatishdir. Men uchun tomoshabin bo‘lish, vaziyatga aralashmasdan, uni boricha aks ettirish qiziqroq ekanini sezaman.


Fotografiya tasviriy san’atning boshqa turlaridan farq qiladi. Rassom biror narsani qo‘shib chizishi, olib tashlashi yoki o‘zgartirishi mumkin. Voqelikni o‘zgartirsa bo‘ladi. Fotografiya esa boshidanoq katta mas’uliyat yuklaydi, chunki odamlar ongida u haqiqatga da’vo sifatida qabul qilinadi. Bejiz OAVda, reportajlar va yangiliklarda voqea haqiqatan ham sodir bo‘lganining isboti sifatida fotosuratlardan foydalanilmaydi.


Hozirgi kunda fotohamjamiyatda sun’iy intellekt tufayli ko‘plab bahs-munozaralar bo‘lmoqda. Ko‘pchilik neyrotarmoqlar yaratgan tasvirlarni nega klassik fotosuratlar bilan bir qatorga qo‘yib bo‘lmaydi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Natija nuqtayi nazaridan surat qiziqarli ko‘rinishi mumkin, biroq fotosuratning mohiyati suratning o‘zida emas. Fotosurat – shunchaki tasvir emas. U o‘zida nimani aks ettirganidir. Fotosurat oʻzida voqelikni muhrlaydi va uni qanchalik haqqoniy tasvirlasa, shunchalik qimmatli bo‘ladi. Orqasida haqiqat bo‘lmagan shunchaki chiroyli surat, aslida, bo‘sh po‘stloqdir.

 

Biroq yana bir narsani anglash muhim: fotosurat, garchi haqiqatga da’vo qilsa-da, baribir voqeaning nusxasi emas. Bu – fotosuratchining nigohi. Faqat u rakursni, suratga olinadigan lahza, kadrning kayfiyatini tanlaydi. Aynan shu tanlov asosida voqelik uning shaxsiy idroki orqali o‘tadi. Ijod ham aslida shundan iborat. Shu nuqtada mas’uliyat ham paydo bo‘ladi: fotografiya haqiqat bo‘lib qolishi kerak — sen ko‘rgan haqiqat.



– Fotografiya nuqtayi nazaridansizga qaysi mavzu yaqinroq?


– Menga tabiat mavzusi ko‘proq yoqadi. U qanchalik yovvoyi bo‘lsa, men uchun shunchalik qiziqarli. Lekin faqatgina shu mavzu yoqadi, deb ayta olmayman. Shahar manzarasi ham, ayniqsa, me’moriy yechimlar atrof-muhit bilan uyg‘unlashib ketsa, juda go‘zal bo‘lishi mumkin. Biroq sivilizatsiyadan qanchalik uzoqlashsangiz, shunchalik maroqli bo‘ladi: u yerda inson qadami yetmagan tabiat ko‘proq.


Mamlakatimizda bu borada ba’zan muammolar uchrab turadi: ko‘pincha landshaftga umuman mos tushmaydigan baland devorlar, dala hovlilar, turli inshootlar quriladi. Lekin G‘arb mamlakatlarida, masalan, Alp tog‘lari yoki Gollandiyada bo‘lsangiz, hatto binolar ham tabiatning bir qismidek qurilganiga guvoh bo‘lasiz.


Shu bilan birga, O‘zbekiston hali to‘liq kashf etilmagan. Garchi so‘nggi o‘n yilda ishlash va suratga olish ancha osonlashgan bo‘lsa-da, sayyohlar, ayniqsa, jurnalistlar kira olmaydigan joylar hamon ko‘p.


Hududimiz katta, landshaftlar esa: tog‘lardagi muzliklardan tortib, sahro-yu qum barxanlarigacha juda xilma-xil. Hatto dengiz mavzusi ham bor. Shu ma’noda, bu yerda ijod qilish uchun imkoniyatlar juda keng.



– Qaysi pallada kadr haqiqatan ham o‘xshaganini tushunasiz? Bunga qanday tuyg‘ular yoki sharoitlar sabab bo‘ladi?


– Aytish qiyin. Vaziyatni yoki peyzajni jonli kuzatib, keyin buni kadrda aks ettira olganingni ko‘rish – o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Biroq stereo nigoh, ya’ni dunyoni hajmli idrok eta olishimiz baribir yassi 2D-tasvir bilan tenglasha olmaydi. Hamma narsani ham ifodalab bo‘lmaydi va voqelikda ko‘rib turgan narsani kadr sathida mujassamlantira olish – aynan shu fotograf mahoratining bir qismi hisoblanadi. Bunda tajriba va texnik ko‘nikmalar katta rol o‘ynaydi.


Ba’zan juda go‘zal va o‘ziga xos muhitga ega manzarani oddiy fotosuratda bevosita aks ettirishning imkoni yo‘qligini anglaysan. Shunda ko‘rganlaringdan olgan taassurotni tomoshabinga uzatishga yordam beradigan texnik usullar va yechimlar izlay boshlaysan.


Fotosuratchilar davrasida ko‘pincha «surat dam olishi kerak», degan gap yuradi. Olingan materialni o‘sha kuniyoq ko‘rib chiqish va kadrlarni saralash tavsiya etilmaydi. Yaxshisi, unga biroz vaqt – bir necha kun, hafta, baʼzan esa hatto bir oy muhlat bergan maʼqul. Gap shundaki, suratga olish paytida fotosuratchi his-hayajonlari taʼsirida bo‘ladi. U qaysi lahzalar ayniqsa yorqin bo‘lganini eslaydi va aslida o‘sha tuyg‘ularni ifodalay olmagan kadrlarni ham muvaffaqiyatli deb hisoblashi mumkin.


Vaqt o‘tib, his-hayajonlar so‘ngach, fotosuratlarga ancha xotirjam va xolis nazar bilan qaraysiz. Shunda nima o‘xshagan-u, nima yaxshi chiqmaganini anglash osonlashadi. Shu sababli, suratga olingandan so‘ng kompyuterda ishlash ham ijodiy jarayonning muhim bir qismi sanaladi.



– Eng kuchli taassurot qoldirgan yoki yodingizda ayniqsa muhrlanib qolgan sayohatingiz haqida so‘zlab bera olasizmi?


– So‘nggi yillarda ko‘proq mototsiklda sayohat qilishga harakat qilyapman – bu mening eng sevimli mashg‘ulotlarimdan biri. Eng yorqinlari qatoriga Yevropa bo‘ylab qilgan safarimni aytishim mumkin. Do‘stlarim bilan o‘nga yaqin mamlakatni kezib chiqdik: Sharqiy Yevropa, Alp tog‘lari, Vengriya, Avstriya, Ruminiyada boʻldik. So‘ng Gruziya, Kavkaz va Qozog‘iston orqali uyga qaytganmiz.


Turkiyaga sayohat ham juda esda qolarli bo‘ldi. Mototsikllarda ko‘plab shaharlarni kezib chiqdik, mamlakat bo‘ylab katta aylana hosil qildik. Nafaqat go‘zal manzaralar, balki kutilmaganda yuzaga kelgan qiyinchiliklar ham xotiramizda qoldi.


Uyga qaytayotib, navigatorda (bu Maps.me edi) shunchaki yo‘nalishni belgiladik-da, yo‘lga tushdik. Sayohatchilar ba’zan hazillashishadi: agar sarguzasht istasang, Maps.me’dan foydalan. O‘shanda bu hazilning ma’nosi biz uchun hali tushunarsiz edi.


Navigator bizni qandaydir aylanma yo‘llarga olib ketdi. Keng avtobanlar tugab, yo‘l tog‘lar tomon keta boshladi. Atrofda goh-gohida kichik qishloqlar, ilonizi yo‘llar, bulutlarga cho‘mgan tog‘lar birin-ketin ko‘zga tashlanar edi.


Dam olish uchun to‘xtaganimizda, mahalliy haydovchilar ham to‘xtab, bizga omad tilagan va juda jasur ekanimizni aytgandi. Nega bunday deyishayotgani unchalik tushunarli emasdi, lekin biz oldinga harakatlanishda davom etdik.


Keyin esa tom ma’noda bulutlar ichiga… kirib qoldik. Qalin tuman tushib, hech narsa ko‘rinmay qoldi. Yo‘l borgan sari yomonlashib bordi: avvaliga toraydi, keyin tuproq yo‘lga, so‘ng toshloqqa aylandi. Ammo biz deyarli bir oydan beri yo‘lda va uyni juda sog‘ingan edik. Sekin, deyarli paypaslab harakatlanardik. Faqatgina yaqin atrofda jarliklar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilardik, xolos. Avgust oyi bo‘lsa-da, tog‘lar salqin, havosi esa musaffo edi.


Bir necha soatdan keyin tuman tarqay boshladi va biz nihoyat qayerdaligimizni ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, biz ulkan jarliklar yonidan o‘tgan, hatto mashinalar ham zo‘rg‘a yuradigan tik tog‘ ilonizi yo‘lidan ketayotgan ekanmiz.


Pastroqqa tushganimizda atrofda sharsharalar, daryolar va go‘zal vodiylar paydo bo‘ldi. Yo‘l chetida esa «Dunyodagi eng xavfli yo‘llardan biri» degan katta lavha turardi. Keyinroq bu yo‘l Boliviyadagi mashhur «O‘lim yo‘li»dan ham xavfliroq hisoblanishini o‘qib qoldim. Shunday qilib, biz tasodifan mutlaqo juda ekstremal yo‘nalishga tushib qolganmiz.


Bundan-da xotirjamroq, ammo taassurotlar kam bo‘lmagan lahzalar ham bo‘ldi. Masalan, Kapadokiya. U yerga tunda yetib bordik, shunchaki xaritada bir nuqtani tanlab, tepalikka ko‘tarildik, chodirlarimizni tikdik va uxlashga yotdik. Ertalab esa shovqindan uyg‘onib ketdik. Chodirdan chiqsak, o‘nlab havo sharlari ko‘tarilayotgan vodiyning tepasida turgan ekanmiz. Tong otayotgandi, osmon va ko‘z o‘ngimizda son-sanoqsiz havo sharlari... Sayyohlar suratga tushish uchun kelayotgandi, biz esa tom ma’noda ushbu manzaraning markazida qoldik.


So‘nggi sayohatlarimdan G‘arbiy Qozog‘iston – Oqtov tumani, Mang‘istov darasi yodimda qattiq muhrlanib qolgan. Bu – Ustyurt yassitogʻligining g‘arbiy qismi. Landshaftlar ayrim joylarda o‘zimizning, ya’ni O‘zbekistonning manzaralarini eslatadi, biroq Qozog‘istonda ular ancha yaqqolroq va yaxshi o‘rganilgan. U yerda g‘aroyib, qandaydir oydagidek peyzajlar bor. Ohaktoshli jinslar doimo o‘zgarib, yemirilish natijasida yangidan-yangi shakllarga kirib boradi. Bu qadimiy Tetis okeanining tubi, shu bois u yerda ko‘pincha chig‘anoqlar, dengiz jonivorlarining qoldiqlari, hatto akula tishlari ham topiladi. Nihoyatda qiziqarli joy.


Qozog‘istonlik hamkasblarimiz u yerda turizmni jadal rivojlantiryapti va bu biz uchun yaxshi o‘rnak. Bizda ham, masalan, Orolbo‘yida, Orol dengizi atrofida shunday landshaftlar bor. Mang‘istovga qilgan safarimdan so‘ng bu hududni yanada kengroq yoritish, uning sayyohlik salohiyatini ko‘rsatish g‘oyasi tug‘ildi. Hozir u yerga foto-turlar tashkil etish va o‘z hududimizni targ‘ib qilish uchun materiallar to‘plashni rejalashtiryapman.



– Kamerani bir chetga surib, qandaydir lahzalarni suratga olgandan ko‘ra, uni his qilish afzalroq ekanini tushunib, shunchaki tomosha qilib turasizmi?


– Bilasizmi, so‘nggi paytlarda shunday holatlar tobora ko‘payib boryapti. Agar avvallari men uchun lahzani kadrda muhrlash koʻproq ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozir ba’zida uni his qilish undan-da muhimroq ekanini tushunib yetyapman. Zero, eng kuchli tuyg‘ular baribir insonning o‘zi boshdan kechirganlari bo‘lib qolaveradi.


Ba’zan hatto kamerani unutib qoldirgan paytlarim ham bo‘ladi. Boshida hech narsani suratga ololmayotganimdan xafa bo‘lsam-da, keyin o‘zimni to‘xtatib o‘ylayman: «to‘xta, axir bularning barchasini biz avvalo o‘zimiz uchun, o‘z his-tuyg‘ularimiz va kechinmalarimiz uchun qilyapmiz-ku».


Shu bois, qo‘limda kamera bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, o‘zimni aynan shu yerda va hozir, har bir lahzadan zavqlanishga tobora ko‘proq odatlantiryapman. Barchaga shuni unutmaslikni maslahat beraman: oxirida qanday suratlar chiqishi emas, bizning shaxsiy his-tuyg‘ularimiz muhimroq.



– Sizningcha, fotosuratda sukunatni eshitish mumkinmi?


– Falsafiy savol. O‘ylaymanki, ha, mumkin. Bunga texnik jihatdan qanday erishishni bilmayman, lekin muhit va syujetning qandaydir o‘ziga xos uyg‘unligi kishini o‘yga toldiradi. Masalan, bu cheksizlik sari yoyilgan yulduzli osmon bo‘lishi mumkin. Bunday kadrga qaraganingda, go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek va chuqur sukunat cho‘kkandek tuyuladi.


Aksincha, xuddi shu tarzda fotosuratga qarab ham shovqinni, harakatni, oʻsha lahzadagi kechinmalarni his qilish mumkin. Agar surat mohirona olinib, to‘g‘ri taqdim etilsa, u ham tovushni, ham sukunatni yetkaza oladi.



– Sayohat borasidagi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Qanday yo‘nalishlarni ko‘zlab turibsiz?


– Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, qat’iy rejalar tuzish har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Hayotimda ko‘p narsa o‘z-o‘zidan, tasodifan yuz beradi: sayohatlar-u tadbirlar kutilmaganda paydo bo‘lib qoladi. Shuning uchun, hozir biror narsani oldindan rejalashtirmay qo‘yganman. Masalan, bundan bor-yo‘g‘i bir hafta avval, bir necha kundan so‘ng Qirg‘izistonga tog‘ manzaralari va etnik-madaniy an’analar bilan bog‘liq tadbirlarni ko‘rgani borishimni xayolimga ham keltirmagandim.


Shuningdek, Orolbo‘yi hududlarimizni o‘rganish borasida ham katta rejalarimiz bor. Umid qilamanki, bu yil o‘sha joylarni aylanib chiqib, yangi manzillarni kashf etaman va ularni tomoshabinlarga ko‘rsataman.


Biroq qayta-qayta borging kelaveradigan mamlakatlar ham bor. Masalan, Indoneziya. Men u yerda to‘rt marta bo‘lganman va har safar uning yangi qirralari namoyon bo'ladi.



– Agar suratlaringiz gapira olganida, nima degan bo‘lardi?


– Men uchun haqqoniylik juda muhim. Har bir suratim mutlaq borliqni aks ettiradi, deb ayta olmayman, aksincha, o‘zimga yaqin bo‘lgan haqiqatni topishga harakat qilaman. Umid qilamanki, suratlarim inson va tabiat uyg‘unligini ko‘rsatib, uni his qilishga imkon beradi.


Sayyoramiz va tabiatning saqlanishi haqida juda qayg‘uraman, shuning uchun ko‘pincha fotografiyani ovga muqobil sifatida tilga olaman. Ko‘plab ov ishqibozlari buni tabiat uchun foydali va tabiiy tanlanishning o‘rnini bosadi, deya o‘zlarini oqlashadi. Biroq amalda hammasi boshqacha: hech kim nimjon hayvonlarni ovlamaydi, aksincha, eng chiroyli, yirik va sog‘lomlarini tanlaydi.


Yovvoyi tabiatni suratga olish ham xuddi shunday, ammo bu jarayonda hech narsaga ziyon yetkazmaydigan hayajon baxsh etishi mumkin. Qolaversa, ba’zan bu ish ovning o‘zidan ham qiyinroq kechadi. Xuddi ovdagidek hayvonlarni izlab topish, ularning xulq-atvorini bilish, sabr bilan kutish, noqulayliklarga chidash va chodirlarda yashashga to‘g‘ri keladi. Masalan, Prjevalskiy yovvoyi otlari uyurini suratga olish maqsadida ular meni sezib qolmasligi va yaqinroq kelishi uchun deyarli bir soat zax yerda qimirlamay yotishimga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli, men uchun fotografiya shunchaki bir surat emas, balki bir zum to‘xtab, olamni kuzatish hamda uni asrash naqadar muhim ekanini o‘zimga va boshqalarga eslatish usulidir.


Rasmiy Telegram kanaliga obuna bo'lish orqali so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling

© 2026. ООО "My Freighter",
Centrum Air™ — Barcha huquqlar himoyalangan

Yuk tashish shartnomasi Maxfiylik siyosatiChipta tariflarini qo'llash qoidalari